“JCH-2026” oldidan bir qator terma jamoalar o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi
AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadigan 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Kanadaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.
“Commonwealth Stadium”da bo‘lib o‘tgan bahsning birinchi bo‘limi teng kurashlar ostida kechdi. Har ikki jamoa bir qator xavfli vaziyatlar yaratgan bo‘lsa-da, tanaffusgacha hisob ochilmadi.

Ikkinchi bo‘limda mezbonlar ustunlikni qo‘lga oldi. 58-daqiqada Jonatan Osorio hisobni ochgan bo‘lsa, 90+1-daqiqada Jayden Nelson jamoasining ikkinchi goliga mualliflik qildi. Vakillarimiz bir nechta xavfli hujumlar uyushtirgan bo‘lsa-da, hisobni o‘zgartira olmadi.
Shu tariqa, uchrashuv Kanada terma jamoasining 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Endi milliy terma jamoamiz Nyu-York shahriga yo‘l oladi. Qisqa tiklanish jarayonidan so‘ng jamoa 8-iyun kuni Niderlandiya milliy terma jamoasiga qarshi navbatdagi nazorat uchrashuvini o‘tkazadi. Bellashuv “Icahn Stadium”da bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, Jahon chempionati ishtirokchilari hisoblangan bir qator termalar ham o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazdi.
Kolumbiya terma jamoasi o‘z maydonida Kosta-Rikani 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Bogotadagi “El Kampin” stadionida kechgan bahsda gollarga Davidson Sanches, Luis Dias va Luis Suares mualliflik qildi. Mehmonlarning yagona javob to‘pini Andrey Soto kiritdi.
Yana bir o‘rtoqlik bahsida Turkiya terma jamoasi Shimoliy Makedoniyani 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Skandinaviya derbisida esa Norvegiya terma jamoasi Shvetsiya ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Gollarga Yorgen Strand Larsen (8, 37) va Antonio Nusa (18) mualliflik qilgan bo‘lsa, shvedlarning yagona golini Aleksandr Isak kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA