"Los-Anjeles–2028" Paralimpiya o‘yinlari shaharchasi bilan tanishildi
O‘zbekiston Paralimpiya qo‘mitasi delegatsiyasi "Los-Anjeles-2028" o‘yinlariga tayyorgarlikning asosiy jihatlarini ko‘rib chiqmoqda.
O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Farrux Ahmedov hamda qo‘mita raisi o‘rinbosari Bobur Hamrayevning AQSHning Kaliforniya shtatiga amaliy tashrifi davom etmoqda.
Tashrifning ikkinchi kunida delegatsiya “Los-Anjeles–2028” yozgi Paralimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi rahbariyati bilan navbatdagi uchrashuvni o‘tkazdi. Unda transport-logistika, ishtirokchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazish tizimi hamda musobaqaga tayyorgarlik bilan bog‘liq tashkiliy masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya Paralimpiya o‘yinlari davrida sportchilar istiqomat qiladigan Paralimpiya shaharchasi, unda yaratilgan shart-sharoitlar hamda mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan sport inshootlari bilan tanishdi.
Ma’lumot uchun, “Los-Anjeles–2028” yozgi Paralimpiya o‘yinlari davomida Kaliforniya universiteti kampusi Paralimpiya shaharchasi vazifasini bajaradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA