JCH-2026: Chexiya va JAR mundialdagi ilk ochkolarini qo‘lga kiritdi
Futbol bo‘yicha davom etayotgan Jahon chempionatining "A" guruhi bahsida Chexiya termasi g‘alabani qo‘ldan chiqardi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Atlanta shahrida joylashgan “Mersedes-Bens” stadionida Jahon chempionatining “A” guruhidan o‘rin olgan Chexiya va Janubiy Afrika Respublikasi terma jamoalari 2-tur doirasida o‘zaro raqobatlashdi.
Ushbu uchrashuvning birinchi bo‘limi 6-daqiqasida Mixal Sadilek JAR terma jamoasi darvozasini ishg‘ol etdi va bo‘lim so‘ngiga qadar hisob o‘zgarmadi. Ikkinchi bo‘limda o‘yin tizginini qo‘ldan chiqargan chexiyalik futbolchilar 83-daqiqada o‘z darvozalari oldida qoida buzdi va uchrashuv hakami penalti belgiladi. Ushbu vaziyatdan esa Teboxo Mokoena unumli foydalanib hisobni tenglashtirdi.
Shu tariqa mazkur o‘yin 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Natijada Chexiya va Janubiy Afrika Respublikasi terma jamoalari 1 ochkodan bo‘lishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatimiz vaqti bilan 19-iyun tonggi soat 06:00 da Meksika – Koreya Respublikasi termasi “A” guruhining 2-turi doirasida o‘yin o‘tkazadi.
Darvoqe, birozdan so‘ng “B” guruhida Shveysariya – Bosniya va Gersegovina (19-iyun, 00:00) bahsi boshlanadi. Shuningdek bu guruhda Kanada – Qatar (19-iyun, 03:00) to‘qnashuviga ham guvoh bo‘lamiz.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA