Tennischi qizlarimiz endi mezbonlarga qarshi o‘ynaydi
Kuala-Lumpurda tennis bo‘yicha o‘tayotgan "Billie Jean King Cup"da O‘zbekiston ayollar terma jamoasini keyingi bosqichda nimalar kutmoqda?
Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida tennis bo‘yicha davom etayotgan "Billie Jean King Cup" musobaqasining Osiyo/Okeaniya mintaqasi II guruhida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi navbatdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.
“V” guruhidan o‘rin olgan tennischilarimiz musobaqaning ikkinchi turida Laos terma jamoasiga qarshi kortga chiqdi. Mazkur o‘yinning yakkalik bahslarida dastlab Nigina Alimova laoslik Aliya Vongdalani 6:0, 6:1, keyingi uchrashuvda Sevil Yo‘ldosheva Delila Patummakuronenni 6:2, 7:5 hisobida yengdi.
Afsuski, juftlik bellashuvlarida Fotima Mahmudova va Keyra Kim tandemi Siana Makdonald/Delayla Patummavongga qarshi kortga chiqib, 2:6, 7:6, 3:10 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Ayni damda O‘zbekiston terma jamoasi guruhda ikkinchi o‘rinda bormoqda. Guruh peshqadami esa Xitoy Taypeyi bo‘lib turibdi. Kuchli uchlikni malayziyalik tennischilar yakunlagan. Shri-Lanka va Laos esa 4-5 pog‘onalardan o‘rin olgan.
Endi guruh bosqichining uchinchi turida tennischilarimiz 19-iyun kuni Malayziya bilan raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA