Jazirama qurboni: Tokioda uch sher nobud bo‘ldi
Yaponiyada kuzatilayotgan rekord darajadagi issiq faqat odamlar emas, jonivorlar hayotiga ham jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Tokiodagi “Tama Zoological Park” hayvonot bog‘ida bir necha kun ichida uch urg‘ochi sher ehtimoliy issiq urushi oqibatida nobud bo‘lgan. Majmua ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, iyul o‘rtalaridan beri 16 sherning 10 nafarida ishtaha yo‘qolishi, lanjlik kabi xavotirli alomatlar kuzatilgan. Hozir yana bir necha sher veterinarlar nazorati ostida. Jonivorlar saqlanadigan hudud vaqtincha yopilgan.
Halok bo‘lgan sherlarda kuchli suvsizlanish va bir necha ichki a’zo faoliyati izdan chiqqani aniqlangan. Ayni holatning asosiy sababi sifatida Yaponiyaga xos yuqori namlik ko‘rsatilgan. Ya’ni, nam havo Afrikaning quruq, issiq iqlimiga moslashgan hayvon tanasiga tushadigan yuklamani bir necha barobar oshiradi. Yomg‘ir mavsumi tugashi bilan harorat keskin ko‘tarilishi vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.
Hodisadan so‘ng hayvonot bog‘ida favqulodda choralar kuchaytirildi. Endi sherlar saqlanadigan joyga muntazam suv sepilmoqda, shamollatish tizimi kuchaytirilgan, qo‘shimcha sovutish uskunalari o‘rnatilyapti. Mutaxassislar bunday choralar ham favqulodda issiq sharoitida doim kutilganidek samara bermasligini ta’kidlamoqda. Shu bois qolgan hayvonlarning ahvoli doimiy kuzatuvga olingan.
Yaponiyada anomal issiq tobora kuchaymoqda. So‘nggi haftalarda mamlakatning ayrim hududlarida havo harorati 40°Cga yetdi, bir hafta ichida qariyb 18 600 kishi issiq urushi tashhisi bilan shifoxonaga yotqizildi. Hayvonlar huquqini himoya qiluvchi PETA tashkiloti ushbu voqeadan keyin yovvoyi hayvonlarni asirlikda saqlash amaliyotini yana bir bor tanqid qildi. Olimlar esa iqlim o‘zgarishi tufayli issiq to‘lqin tez-tez takrorlanayotgani, bu esa nafaqat insonlar, balki jonivorlar uchun ham jiddiy xavfga aylanayotganini ta’kidlamoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA