Janni Infantino prezidentlik muddatini uzaytirish uchun JCH ishtirokchilari sonini oshirmoqchi
Taniqli jurnalist Romen Molinaning xabar berishicha, Infantino ushbu kengaytirishga keyingi — 2030-yilgi mundialdanoq erishishga harakat qiladi.
FIFA prezidenti Janni Infantino yaqindagina bergan bayonotida jahon chempionati ishtirokchilari sonini 64 ta jamoaga yetkazish masalasi amaldagi turnir yakunlanganidan keyin muhokama qilinishini ma’lum qilgan edi. Taniqli jurnalist Romen Molinaning xabar berishicha, Infantino ushbu kengaytirishga keyingi — 2030-yilgi mundialdanoq erishishga harakat qiladi.
Molina ushbu rejaning ortida turgan muhim siyosiy jihatni ochiqladi: Infantino jahon chempionatini kengaytirish orqali o‘zini FIFA prezidentligi lavozimiga qayta saylash bo‘yicha kampaniyasini mustahkamlab olmoqchi.
«Buning uchun Infantino afrikalik futbol funksionerlari orasidagi o‘z ittifoqchilarining qo‘llab-quvvatlashiga tayanmoqchi. Buning evaziga esa ular tashkilot ustavini o‘zgartirishga va Infantinoga yana bir qo‘shimcha muddatga o‘z lavozimida qolish imkoniyatini berishga harakat qilishadi», — deya yozadi Molina o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
Janni Infantino FIFA prezidenti lavozimini 2016-yildan buyon egallab kelmoqda.