Jamoat transporti — jamiyat madaniyati ko‘zgusi
Mulohaza
Jamoat transporti — bu shunchaki harakatlanish vositasi emas, balki jamiyatning madaniyati va o‘zaro hurmat darajasini ko‘rsatuvchi ko‘zgu. Afsuski, bugungi kunda avtobus va yo‘nalishli taksi haydovchilarining yo‘lovchilarga nisbatan qo‘pol munosabati turli e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Kuningiz qanday o‘tishi ko‘pincha tongda uyingizdan ishga yoki o‘qishga ketayotganingizda jamoat transportidagi muhitga bog‘liq bo‘ladi. Biroq, ko‘pchilik uchun bu jarayon asabiylik va kayfiyatning buzilishi bilan boshlanadi.
Ba’zi jamoat transporti haydovchilarining qo‘pol muomalasi va asabiy holatda transport boshqarishi bularga sabab bo‘ladi. Yo‘lovchilarga jamoat transporti haydovchilari tomonidan qilingan qo‘pol muomalaga o‘zim guvoh bo‘lganman. Men ham universitet talabasiman. O‘qishga borish uchun jamoat transportidan foydalanaman. Ba’zida yo‘lovchilar bekatda tushishga ulgurmay qolishadi va haydovchidan eshikni ochishni so‘raydi. Bu holatda haydovchi darg‘azab bo‘lib, og‘izga olib bo‘lmaydigan so‘zlar bilan yo‘lovchilarga qo‘pol gapiradi yoki urushadi. Aslida jamoat transportining bekatda to‘xtab turish vaqti va tartibi bor.
Mamlakatimiz qonunchiligida ham insonni kamsitish, haqorat qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Rivojlangan davlatlarda masalan, Yevropa mamlakatlari, AQSH, Yaponiya, Singapur jamoat transporti haydovchilari nafaqat texnik haydovchi, balki mijozlarga xizmat ko‘rsatish mutaxassisi sifatida ko‘riladi. Haydovchining yo‘lovchiga qo‘pollik qilishi “professional noloyiqlik” deb baholanadi. Buning sababi, ularda haydovchilik shunchaki mexanik ish emas, balki yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish sohasi hisoblanishidir.
Balki O‘zbekistonda ham haydovchilarni maxsus psixologik treninglardan o‘tkazish tizimini joriy qilish vaqti kelgandir. Bu bilan hamma haydovchilar qo‘pol demoqchi emasmiz. Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, albatta. Maqsadimiz jamiyatda ma’naviy muhitni rivojlantirish, insonlarning huquqiy ongini yuskaltirishdan iborat.
Vazira G‘AFUROVA,
O‘zJOKU talabasi
O‘zA