Tibbiyot: malakali mutaxassislar ko‘rigi va amaliyot uyg‘unligi
Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi — yuqori texnologik tibbiy yordamni nafaqat poytaxtda, balki respublikamizning eng chekka hududlarida ham tashkil etish va xalqimizni rozi qilishdan iborat.
Bugungi kunda Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan hududlarda o‘tkazilayotgan tibbiy ko‘riklar va ilmiy-amaliy seminarlar buning yaqqol tasdig‘idir.

Ayni kunlarda Milliy tibbiyot markazining bir guruh yetakchi mutaxassislari Sirdaryo viloyatida bo‘lib, aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil etmoqda. Transplantolog, kardiolog, onkolog, travmatolog, neyroxirurg va oftalmolog kabi tor doiradagi mutaxassislar ishtirok etyapti. Bunday ko‘riklarning ahamiyati shundaki, viloyat aholisi poytaxtga kelmasdan turib, o‘z hududida eng murakkab kasalliklar bo‘yicha malakali maslahat va tashxis olish imkoniga ega bo‘ladi. Har bir bemorga individual yondashilgan holda, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha zarur tavsiyalar berilayotir.
Tibbiyot faqat davolashdan iborat emas, u tinimsiz tajriba almashishni talab etadi. Shu bois, markaz mutaxassislari Sirdaryoning Sayxunobod tumanida mahalliy shifokorlar uchun mahorat darslari va ilmiy ma’ruzalar tashkil etdi. Jumladan, kardioxirurg Jonibek Yunusov va endovaskulyar jarroh Muhammad Rasulovlar tomonidan yurak ishemik kasalliklari hamda o‘tkir koronar sindromni davolashning eng zamonaviy usullari muhokama qilindi. Aritmolog Davlat Xidirovning yurak ritmi buzilishlari diagnostikasiga bag‘ishlangan chiqishi esa viloyat shifokorlari uchun sohadagi yangiliklarni o‘zlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bu kabi tadbirlar hududiy tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish orqali chekka hududlarda ham tibbiy xizmat sifatini xalqaro standartlarga yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Mutaxassislarning bevosita joylarga chiqib faoliyat yuritishi sog‘lom jamiyat barpo etish va aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lidagi eng samarali usullardan biri bo‘lib qolmoqda.
Milliy tibbiyot markazi tomonidan hududlarda olib borilayotgan bu kabi keng ko‘lamli ishlar — tibbiy xizmatni xalqqa yaqinlashtirish va sog‘lom kelajakni barpo etish yo‘lidagi qat’iy qadamlardir.
Mohigul Qosimova,
O‘zA