Jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash — umumiy vazifa
Bugungi kunda jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, fuqarolar o‘rtasida hamjihatlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi mazmun bilan boyitish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, jamiyat taraqqiyoti nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar, balki insonlarning ma’naviy dunyosi, ijtimoiy faolligi va birdamligi bilan ham chambarchas bog‘liq.
Shu nuqtai nazardan Guliston shahrida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida «Jamiyatda ma’naviy muhit hamda hamjihatlikni mustahkamlash» mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Murodjon Hayitov viloyatda ma’naviy-ma’rifiy muhitni yaxshilash, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va targ‘ib qilish, ijtimoiy hamjihatlikni kuchaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, so‘nggi o‘n yil mobaynida viloyatda ma’naviy-ma’rifiy sohada qator tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida respublikada birinchi bo‘lib viloyatning 11 ta tuman va shahrida Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yildi.
Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni bevosita korxona va tashkilotlar faoliyati bilan uyg‘unlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Har yili mulkchilik shaklidan qat’i nazar 670 ta korxona va tashkilot bilan ikki tomonlama «Yo‘l xarita»lari imzolanib, ularda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olinmoqda. Shuningdek, tashkilotlarda ushbu ishlarga mas’ul xodimlarning axborot bazasi muntazam yangilanib borilmoqda.
[gallery-31351]
Joylardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish va mavjud muammolarga yechim topish maqsadida bir yil davomida 90 ta viloyat, 330 ta tuman va shahar tashkiloti hamda korxonalari, 313 ta umumta’lim maktabi va 221 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, jami 954 ta korxona va idora faoliyati tahlil qilinib, tegishli tavsiyalar berildi.
Ma’naviy muhitni baholashda zamonaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan ham samarali foydalanilmoqda. Teatr, radio va ijtimoiy tarmoqlarda «Ma’naviy ekspertiza» loyihasi yo‘lga qo‘yilib, jamiyat ma’naviy hayotidagi jarayonlarga tahliliy yondashuv kuchaytirildi. Mahallalar bilan ishlashda ham yangi yondashuvlar shakllanmoqda. Shirin shahri va Mirzaobod tumanidagi 149 ta mahallada «Ma’rifat» radiouzellari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Viloyatdagi 221 ta mahallaning ijtimoiy-ma’naviy muhitidan kelib chiqib, yoshlar yetakchilari bilan qo‘shma dasturlar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, 221 ta mahallada Ma’naviyat va ma’rifat kengashlari faoliyati namunali tashkil etilgan.
Aholi o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotni kuchaytirishda «Ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati»ning o‘rni ham salmoqli. Uning a’zolari soni 310 nafardan 710 nafarga yetkazildi.
Ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va kitobxonlikka qiziqishini oshirish borasidagi loyihalar keng qamrov kasb etmoqda. Viloyatning eng olis mahallalarida «Kinokarvon» loyihasi 1 460 marotaba tashkil etilib, aholiga ma’naviy-ma’rifiy mazmundagi filmlar namoyish qilindi.
Yangi qabul qilinayotgan qonunlar, farmon va qarorlar, shuningdek, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng tushuntirish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlarida 34 marotaba «Siyosiy-ma’rifat soatlari» o‘tkazildi.
Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslar esa o‘z samarasini bermoqda. «Yangi uyg‘onish davri — kitob va kutubxonadan boshlanadi», «Ona kitob o‘qisa» shiorlari ostida 150 marotaba kitobxonlik anjumani o‘tkazilib, ularda 27 ming 320 nafar kitobxon ishtirok etdi. Ma’naviy-ma’rifiy sohadagi yangilik va yutuqlarni keng targ‘ib qilish maqsadida 120 ta videorolik, 43 ta slayd va 15 ta infografika tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi.
2025–2026-yillarda esa viloyatda 39 mingta tadbir, festival va forum tashkil etilib, ularda 750 mingdan ortiq aholi ishtirok etdi. Tadbirlar orqali aholining 79 foizi qamrab olingani sohadagi ishlar ko‘lami kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Ma’naviy muhitni shakllantirishda bolalikdan boshlangan tarbiyaning o‘rni beqiyos. Shu maqsadda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida «Ma’rifatli buvijon» loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Har haftaning juma kuni bolajonlarga ertaklar aytib berish, milliy qadriyatlar va xalq og‘zaki ijodi namunalarini yetkazishga qaratilgan ushbu tashabbus 99 marotaba namunaviy tarzda tashkil etilib, 7 920 nafar bolani qamrab oldi.
Shuningdek, 11 ta tuman va shaharda «Ilk kitob javonim» loyihasi doirasida 1 100 dan ziyod ertak kitoblari to‘plami bolajonlarga taqdim etildi.
Viloyatda ma’naviy-ma’rifiy muhitni shakllantirish jarayoni madaniyat, adabiyot va san’at bilan ham uyg‘unlashtirilmoqda. 2024-yilda sirdaryolik 50 ga yaqin ijodkorning asarlarini jamlagan «Jannatimsan, Sirdaryo» kitobi nashr etildi. Sirdaryo bo‘yida «Ma’naviy olam sehri» respublika musavvirlar anjumani o‘tkazildi. 2023-yilda Shirin shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat maskanida Alisher Navoiy haykali barpo etildi.
Ma’naviyat maskanlarining moddiy va ma’rifiy imkoniyatlarini kengaytirishga ham e’tibor qaratilmoqda. «Sayxunobod» tajribasi asosida Mirzaobod tumanida «Ma’naviyat maskani» va «Ma’rifat kutubxonasi» majmuasi tashkil etildi. Sayxunobod va Mirzaobod tumanlarida yengil konstruksiyali «Ma’rifat maskani», «Ma’rifat kutubxonasi» va «Ma’rifat bog‘i» barpo etildi. Sirdaryo tumanida esa birinchi, ikkinchi va uchinchi Renessans g‘oyalarini birlashtiruvchi «Ezgu niyatlar xiyoboni» tashkil etildi.
Mahallalarda to‘y va ma’rakalarni ixchamlashtirish, ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikning oldini olish borasida ham hamkor tashkilotlar bilan birgalikda maxsus dastur ishlab chiqildi.
Yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar ham e’tiborga molik. Sayxunobod tumanida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari O. Hasanov ishtirokida o‘tkazilgan «Rahbar va yoshlar» uchrashuvida bildirilgan tashabbus asosida Guliston davlat pedagogika institutida 100 nafar yosh ijodkorning she’rlari jamlangan «Vatandosh» kitobi tayyorlanib, uning taqdimoti o‘tkazildi.
Viloyatda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar mavzusi va qamrovi ham tobora kengayib bormoqda. «Tamaddun, madaniyat, ma’rifat» mavzusidagi «Ma’rifat karvoni», «Biz bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz», «Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun» shiorlari ostidagi «Umummilliy birdamlik festivali», shuningdek, «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» shiori ostidagi «Ma’naviyat festivali» hamda ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlari aholida daxldorlik va birdamlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar doirasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi, Guliston davlat universiteti va Guliston davlat pedagogika instituti hamkorligida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi. Unda oliy ta’lim muassasalarining prorektorlari, dekan o‘rinbosarlari va tyutorlar ishtirok etdi.
Ochiq muloqot davomida jamiyatdagi ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, aholi bilan ochiq va samarali muloqotni kuchaytirish, yoshlar tarbiyasiga e’tiborni oshirish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlarning jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirish va ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etishdagi o‘rni haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Zero, ma’naviyat — bir kunlik yoki mavsumiy tadbirlar bilan cheklanadigan tushuncha emas. U inson tafakkuri, oila tarbiyasi, ta’lim, mahalla muhiti, kitobxonlik, madaniyat va axborot makonidagi jarayonlar bilan uzviy bog‘liq. Shu bois bu boradagi ishlar qanchalik tizimli va izchil tashkil etilsa, jamiyatda o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik, hamjihatlik va Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘ulari shunchalik mustahkamlanadi.
Tadbir yakunida ochiq muloqotda faol ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlarga kitoblar jamlanmasi hamda tashakkurnomalar topshirildi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA