“Jahon chempionati – 2026”: Braziliya oltinchi chempionligini qo‘lga qirita oladimi?
Joriy yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga AQSH, Kanada va Meksika davlatlari mezbonlik qiladi. Dunyo futbol ixlosmandlari tomonidan uzoq kutilayotgan mundial qay darajada tashkil etilishiga qiziqish kun sayin ortib bormoqda.
Futbol olamining eng nufuzli tadbirlaridan biri bo‘lgan ushbu chempionatda ilk bor dunyoning 48 ta terma jamoasi ishtirok etadi. An’anaga sodiq holda mundialga yo‘l olgan jamoalarning saralash bosqichidagi ishtirokini yodga olamiz.

Bu safar e’tiborimiz “C” guruhi ishtirokchilari — Braziliya, Marokash, Gaiti va Shotlandiya terma jamoalariga qaratildi.

Dastlab, jahon futbolida o‘zining mashhur va mahoratli futbolchilari bilan tanilgan Braziliya terma jamoasining mundial sari bosib o‘tgan yo‘li haqida to‘xtalamiz. Jamoa KONMEBOL mintaqaviy saralash bosqichida ishtirok etdi. Ushbu saralash 2023-yil 7-sentabrdan 2025-yil 9-sentabrga qadar davom etdi. Jamoalar 18 tur davomida Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurash olib bordi.

Braziliya saralashda 8 ta g‘alaba, 4 ta mag‘lubiyat va 6 ta durang qayd etib, 28 ochko bilan 5-o‘rinni egallagan holda Jahon chempionatiga yo‘l oldi. Shuni ta’kidlash joizki, 1930-yildan beri muntazam mundialda ishtirok etib kelayotgan Braziliya 2002-yildan buyon Jahon chempionatida bosh sovrinni qo‘lga kirita olmayapti.

Mazkur guruhdan o‘rin olgan Amerika qit’asining yana bir vakili Gaiti terma jamoasi KONKAKAF saralashi doirasida ikkinchi bosqichdan ishtirokini boshladi. Unda Gaiti terma jamoasi “C” guruhida 9 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab, 1974-yildan buyon ilk bor mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Guruhning yana bir kuchli jamoalaridan biri — Marokash esa Afrika qit’asidagi saralash bosqichining “E” guruhida ishtirok etdi. 2023-yildan boshlangan guruh bahslarida marokashlik futbolchilar barcha 8 uchrashuvda g‘alaba qozonib, 24 ochko bilan Jahon chempionati yo‘llanmasini rasman qo‘lga kiritdi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Marokash "JCH–2022" musobaqasida 4-o‘rinni egallagan bo‘lib, bu safar ham sovrinli o‘rinlar uchun asosiy da’vogarlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Endi guruhning to‘rtinchi vakili - Shotlandiya termasi haqida. Jamoa Yevropa qit’asidagi saralash bahslarining “C” guruhida Daniya, Gretsiya va Belarus termalariga qarshi bahs olib bordi. 6 o‘yinda 13 ochko jamg‘argan shotlandiyaliklar guruhda birinchi o‘rinni egallab, Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot uchun, “C” guruhidan o‘rin olgan jamoalar ishtirokidagi uchrashuvlar 13–24-iyun kunlari bo‘lib o‘tadi:
13-iyun: Braziliya — Marokash
Stadion: “MetLife”
Gaiti — Shotlandiya
Stadion: “Gillette”
19-iyun: Shotlandiya — Marokash
Stadion: “Gillette”
Braziliya — Gaiti
Stadion: “Lincoln Financial Field”
24-iyun: Shotlandiya — Braziliya
Stadion: “Hard Rock”
Marokash — Gaiti
Stadion: “Mercedes-Benz”
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA