Ispaniya bilan yarim final o‘yini oldidan fransuzlarning ikki asosiy himoyachisi alohida shug‘ullanmoqda
Manbaga ko‘ra, har ikkala futbolchi sog‘lig‘idagi muammolar sababli, ehtiyot chorasi sifatida umumiy guruhdan ajralgan holda, individual dastur asosida shug‘ullangan.
Fransiya terma jamoasi markaziy himoyachilari Vilyam Saliba va Dayo Upamekano JCH-2026 yarim final bahsi bo‘lib o‘tadigan Dallas shahriga jo‘nab ketish oldidan jamoaning umumiy mashg‘ulotlarida ishtirok etmadi. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, har ikkala futbolchi sog‘lig‘idagi muammolar sababli, ehtiyot chorasi sifatida umumiy guruhdan ajralgan holda, individual dastur asosida shug‘ullangan. Avvalroq Saliba bel sohasidagi og‘riqlar tufayli turnirdagi o‘yinlar u uchun oson kechmayotganini tan olgan edi. Upamekanoning alohida shug‘ullanishiga sabab bo‘lgan omillar esa hozircha ochiqlanmagan.
JCH-2026 yarim finali doirasidagi Fransiya va Ispaniya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv kelayotgan seshanba, 14-iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Uchrashuv bosh hakami start hushtagini Toshkent vaqti bilan 14-iyuldan 15-iyulga o‘tar kechasi soat 00:00 da chalishi rejalashtirilgan.