Islom sivilizatsiyasi va yangi O‘zbekistonning global ma’rifat tashabbusi
Bugungi globallashuv jarayonlari insoniyat oldiga nafaqat iqtisodiy yoki texnologik, balki ma’naviy va sivilizatsiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim vazifalarni qo‘ymoqda. Dunyoning turli mintaqalarida kuzatilayotgan ziddiyatlar, ekstremizm va radikalizm xavfining saqlanib qolayotgani, ma’naviy qadriyatlarning yemirilishi kabi holatlar jahon hamjamiyatini bir haqiqat haqida jiddiy o‘ylashga undamoqda. Bu haqiqat shundan iboratki, barqaror taraqqiyotning eng ishonchli kafolati – tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifatdir.
Yangi O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati ham aynan ana shu ezgu g‘oyalarga asoslanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda buyuk mutafakkir ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, uning global ahamiyatini ochib berish, islom sivilizatsiyasining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Buni biz davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida yuksak minbardan turib, islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, islom ilm-fani va sivilizatsiyasini dunyo afkor ommasiga yetkazish maqsadida O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy majmualarini bunyod etish bo‘yicha ilgari surgan muhim tashabbuslarida ham ko‘rishimiz mumkin.

Shu e’tibordan, birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilayotgani ham diniy-ma’rifiy sohada olib borayotgan siyosatning amaliy ifodasi bo‘ldi. Mazkur forum turli mamlakatlardan kelgan davlat arboblari, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, muftiylar, olimlar, tadqiqotchilar va ekspertlarni yagona maqsad – islom sivilizatsiyasining insonparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish atrofida birlashtirishga xizmat qiladi.
Forumning eng muhim jihati shundaki, u oddiy ilmiy anjuman emas, balki Yangi O‘zbekistonning ma’rifat diplomatiyasini namoyon etuvchi yirik xalqaro maydon vazifasini bajarishiga shubha yo‘q. Forum doirasida o‘tkaziladigan yalpi majlislar, sho‘’balar va xalqaro konferensiyalar islom sivilizatsiyasiga oid dolzarb masalalarni ilmiy asosda muhokama qilish imkonini beradi.
Toshkentdagi asosiy yalpi majlislarda islom ilm-fani va sivilizatsiyasi, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, intellektual salohiyat, madaniy merosni asrash, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va xalqaro ilmiy hamkorlik kabi strategik masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.
Forum doirasida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor. Bu, avvalo, Imom Moturidiy ta’limotining bugungi kundagi dolzarbligi bilan izohlanadi. Imom Moturidiy insoniyat tarixida aql va naql uyg‘unligini mukammal asoslab bergan, ilmni e’tiqodning ajralmas qismi sifatida talqin qilgan buyuk mutafakkir sifatida tan olinadi. Uning merosi islom tafakkurida mo‘’tadillik, bag‘rikenglik va adolat tamoyillarini mustahkamlagan ilmiy maktabni shakllantirdi. Bugun turli mafkuraviy tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda aynan moturidiylik ta’limoti inson ongi va qalbini ekstremistik g‘oyalardan muhofaza qiladigan eng mustahkam ma’rifiy asoslardan biri hisoblanadi.
Samarqand shahrida tashkil etiladigan “Imom Moturidiy merosi: mo‘’tadillik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat poydevori” mavzusidagi xalqaro konferensiya aynan shu haqiqatni yana bir bor namoyon qildi. Konferensiyaning ochilish marosimida al-Azhar, Turkiya, Malayziya, Finlyandiya, Hindiston, Tojikiston kabi davlatlardan kelgan nufuzli ulamolar va davlat arboblari qatnashishi kutilmoqda.

Forumning yana bir muhim xususiyati shundaki, u islom sivilizatsiyasini o‘rganishni alohida yo‘nalishlar kesimida emas, balki yaxlit sivilizatsion jarayon sifatida talqin qiladi. Shu bois Samarqandda bir vaqtning o‘zida “Imom Moturidiy merosi: mo‘’tadillik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat poydevori”, “Imom Buxoriyning “al-Jomi’ as-sahih” asari – ummat kitobi” va “Islom sivilizatsiyasi va zamonaviy dunyo: meros, muloqot va taraqqiyot”, Termizda esa “Termiz hadis maktabi: allomalar merosi va zamonaviy tadqiqotlar” mavzularida xalqaro konferensiyalar o‘zaro uyg‘un holda tashkil etiladi.
Islom sivilizatsiyasi allomalarining matematika, astronomiya, optika, falsafa, tibbiyot, geografiya, tarix kabi dunyoviy fanlar, tafsir, hadis, kalom, fiqh va tasavvuf kabi islomiy ilmlar rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini o‘rganish va keng targ‘ib etish, shuningdek, islom dinining tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat g‘oyalarini jahon hamjamiyatiga yetkazish nafaqat muayyan bir davlatning, balki butun musulmon olamining umumiy vazifasiga aylanmoqda. O‘zbekiston esa ana shu xalqaro hamkorlikning tashabbuskori sifatida maydonga chiqmoqda. Zotan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’kidlaganidek, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy-ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, uni yoshlar tarbiyasi va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qildirish Yangi O‘zbekistonning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Bugun barcha sohalarda yangi taraqqiyot bosqichini boshlagan Yangi O‘zbekiston ma’naviy yuksalish yo‘lidan ham dadil ilgarilamoqda. Bu yo‘lning eng mustahkam poydevori esa ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy merosdir. Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino va boshqa yuzlab allomalarning asarlari nafaqat o‘tmish yodgorligi, balki kelajak taraqqiyotining ham intellektual manbai hisoblanadi.
Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ana shu haqiqatni butun dunyoga yana bir bor namoyon etdi. Eng muhimi, u O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasini o‘rganish bo‘yicha global markazlardan biriga aylanayotganini xalqaro ilmiy jamoatchilik oldida yana bir karra tasdiqladi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi bundan keyin ham buyuk allomamiz merosini chuqur tadqiq etish, uning asarlarini akademik nashrlar asosida e’lon qilish, zamonaviy tillarga tarjima qilish, raqamlashtirish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish yo‘lida izchil faoliyat olib boradi.
Zero, ilmga tayangan taraqqiyot – barqaror taraqqiyotdir. Ma’rifatga tayangan jamiyat – mustahkam jamiyatdir. Imom Moturidiy ta’limotiga tayangan ma’naviy yuksalish esa Yangi O‘zbekistonning Uchinchi Renessans sari ishonchli qadamlarining eng muhim ma’naviy asoslaridan biri bo‘lib qolaveradi.
Komiljon SHERMUHAMEDOV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori.
O‘zA