Islohotlar natijasi mahallalar qiyofasi va xalqimiz hayotida yaqqol namayon bo‘lmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Toshkent shahrining Sergeli tumaniga tashrif buyurib, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari va amalga oshirilgan loyihalar bilan tanishdi. Shuningdek, Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari dastlab tumanning Ittifoq mahallasidagi Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar hamda savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati bilan tanishdi.
Turizm va xizmat ko‘rsatish sohasi kam xarajat bilan ko‘p ish o‘rni yaratish, aholi daromadini oshirish va hududlar qiyofasini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega. Toshkent shahrida bu borada katta imkoniyatlar bor.
Yangi Sergeli ko‘chasida tashkil etilgan 24/7 rejimida ishlaydigan turizm, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari aholiga qulay sharoit yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari ochishga xizmat qilmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 18,7 milliard so‘mni tashkil etadi. Ko‘chaning 2,1 kilometr qismining infratuzilmasi to‘liq yaxshilanib, savdo, umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar xizmatlarni o‘z ichiga olgan kunu tun faoliyat yuritadigan hududga aylantirildi.
Aholi dam olishi va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 10 dan ortiq bolalar maydonchasi, 8 ta vorkaut zonasi, kitob do‘koni hamda nuroniylar maskani tashkil etildi.
Hudud atrofidagi 4 ta mahallada 21 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Yangi Sergeli ko‘chasidan kuniga o‘rtacha 15-20 mingta avtotransport vositasi harakatlanadi. Loyiha to‘liq ishga tushgach, yiliga 1,2 milliondan ortiq tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
Loyiha doirasida 250 dan ortiq yangi ish o‘rni ochildi. 95 ta mavjud tadbirkorlik sub’ektining faoliyati kengaytirilib, 22 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari mahalla bo‘ylab yurib, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obodonlashtirilgan ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Mahalla faollari va fuqarolar bilan samimiy muloqot qildi.
Prezidentimiz amalga oshirilayotgan ishlar aholi turmush darajasi va farovonligiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani bilan qiziqdi. Mahalla faollari bu o‘zgarishlar aholi kayfiyati, turmush tarzi va daromadiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini, hududning qiyofasi ham, odamlarning ertangi kunga ishonchi ham o‘zgarayotganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanida joylashgan “Global International Hospital” xususiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga bordi.
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan. Shu maqsadda sohaga investitsiyalar jalb etilib, tibbiyotda xususiy sektor faoliyati ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Mazkur zamonaviy tibbiyot markazi bugungi kunda aholiga talab yuqori bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Markazni barpo etish uchun 30 million dollar investitsiya yo‘naltirilgan. Bu yerda yiliga 150 ming nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Umumiy maydoni 0,5 gektar bo‘lgan muassasada yillik xizmatlar hajmini 15 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbariga markaz faoliyati to‘g‘risida taqdimot qilindi. Prezidentimiz jarrohlik, reanimatsiya va davolash bo‘limlari, situatsion markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Loyiha doirasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Jamoada xorijda malaka oshirgan 10 nafardan ziyod yuqori malakali mutaxassis va chet ellik shifokorlar ham bor.
Markaz Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Xususan, muassasaga “PHILIPS” kompaniyasining ilg‘or tibbiy texnologiyalari o‘rnatilgan.
Davlatimiz rahbari markazni ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha tayanch tibbiyot muassasasiga aylantirish muhimligini ta’kidladi. Bu yerda to‘planadigan ilg‘or tajriba asosida shifokorlar malakasini oshirish va zamonaviy tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimiz markaz xodimlari bilan muloqot qildi. Sohada mehnat qilayotgan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, xususiy tibbiyot tashkilotlari sonini ko‘paytirish hamda aholiga sifatli, zamonaviy va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Har bir bemorga sifatli va munosib xizmat ko‘rsatish bilan birga, tibbiy va turizm xizmatlarini uyg‘unlashtirish zarur. Bu yo‘nalishni keng targ‘ib qilish, xorij tajribasini o‘rganib, shifoxonalar huzurida mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz Sergeli tumanidagi O‘zgarish mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari hamda yer usti metro yo‘nalishi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati bilan ham tanishdi.
Inson qadrini ulug‘lash va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlar bugun mahallalar qiyofasida, odamlarning kundalik hayotida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
O‘zgarish mahallasi bu boradagi yangilanishlarning yorqin namunasidir. Ushbu hududda 45 ta ko‘p qavatli uy, 1 ming 620 ta xonadon mavjud. Ularda 6 ming 700 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Mahallada yillar davomida to‘planib qolgan muammolar bosqichma-bosqich hal etilib, zamonaviy infratuzilma va qulay ijtimoiy muhit yaratildi. Xususan, 10 ta bolalar maydonchasi, mini-futbol maydoni, 2 ta salomatlik hududi barpo etildi.
Davlatimiz rahbari mahallada tashkil etilgan zamonaviy kogeneratsiya markazi faoliyati bilan ham tanishdi.
Qayd etilganidek, ushbu markaz kuz-qish mavsumida mahallaning issiqlik va elektr energiyasi ta’minoti barqarorligiga xizmat qiladi. Kogeneratsiya texnologiyasi orqali tabiiy gazdan avval elektr energiyasi olinadi, so‘ng ajralgan issiqlik suv va xonadonlarni isitishga yo‘naltiriladi. Bu energiya samaradorligini oshirib, isrofgarchilikni kamaytiradi.
Loyihaning umumiy qiymati 5,8 million dollarni tashkil etadi. Bu yerga Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy gaz-porshenli qurilmalar va qozonlar o‘rnatilgan. Markaz yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 80 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniga ega.
Loyiha doirasida 2 kilometr uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr liniyasi qurilib, umumiy tarmoqqa ulandi. Natijada tuman markaziy elektr tarmog‘idagi yuklama 3 foizga kamaydi. Markaz ishga tushishi bilan 10 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
Shu bilan birga, mahallaning umumiy infratuzilmasi ham tubdan yangilandi. 1,4 kilometr piyodalar yo‘laklari barpo etildi, 12 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismi ta’mirlandi, ichki yo‘llarga asfalt yotqizildi. Hududni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 2 ming 720 tup manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.
Prezidentimiz “mahalla yettiligi” va hudud faollari bilan samimiy suhbatlashdi. Bu yerdagi o‘zgarishlar aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, mahallani obod va xavfsiz maskanga aylantirishga qaratilgan ishlar natijasi ekani ta’kidlandi.
– Keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarimiz aynan mana shu Sergeli tumanidan boshlangan edi. O‘z vaqtida bu hududga zamonaviy metro liniyasini olib kelish tashabbusini ilgari surganimizda, ushbu yirik loyihaning istiqboliga shubha bilan qaraganlar ham bo‘lgani sir emas.
Biroq bugun mana shunday ko‘rkam va obod maskanlarni, eng muhimi, siz kabi aziz yurtdoshlarimizning mamnun chehralarini ko‘rib, tanlagan yo‘limiz qanchalik to‘g‘ri bo‘lganiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.
Bugungi tashrifimizdan maqsad ham sizlar bilan bevosita muloqot qilish, taklif va tashabbuslaringizni tinglashdir, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari yo‘l-yo‘lakay Sergeli tumanidan o‘tuvchi yer usti metro yo‘nalishi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini ko‘zdan kechirdi.
Zamonaviy shaharsozlikda mavjud infratuzilmadan oqilona foydalanish, bo‘sh maydonlarni aholi uchun qulay, iqtisodiyot uchun samarali maskanlarga aylantirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda yer usti metro yo‘li ostidagi 5,7 gektar maydon tubdan yangilandi.
Bu yerda 137 ta tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, 250 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Metro ostida 4 kilometr piyodalar va velosiped yo‘lagi, 2 ta bolalar maydonchasi va sport zonalari tashkil qilindi. Aholi hordiq chiqarishi uchun 100 ta o‘rindiq va 40 ta zamonaviy manzarali chiroq o‘rnatildi.
So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumani hokimligiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbariga dastlab hokimlik binosida tuman idoralarining “yagona darcha” tamoyili asosida tashkil etilgan faoliyati haqida ma’lumot berildi. Tuman hokimligi binosida hokimlikdan tashqari yana 5 ta tashkilot faoliyat yuritib, ular tomonidan aholi va tadbirkorlarga 30 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.
Xususan, Ichki ishlar vazirligiga onlayn murojaat qilish qurilmasi aholi uchun ancha yengilliklar yaratadi. Ushbu tizimdan murojaat yo‘llanganda navbatchi inspektor videoaloqa orqali murojaat qiluvchi bilan bog‘lanadi. Murojaat avtomatik ro‘yxatga olinadi. Murojaatchi ish natijasi, inspektor muomalasi, harakati haqida o‘zining bahosini qo‘yadi.
Davlatimiz rahbari bunday “aqlli” qurilmalarni aholi gavjum joylar, bozor va boshqa ob’ektlarga ko‘proq o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berdi.
Hokimlikda vaziyatlar markazi tashkil etilgan. Sun’iy intellekt asosida tahlil qilish, muammolarni tezkor aniqlash va hal etish bo‘yicha “Aqlli tuman” platformasi ishga tushirilgan. Vaziyatlar markazida 17 ta axborot tizimi o‘zaro bog‘langani aholi bilan ishlashni yangi bosqichga olib chiqadi.
Bu yerda ijtimoiy va kommunal muammolar monitoring qilinadi, aholi murojaatlarining ijrosi nazoratga olinadi, favqulodda holatlarda tegishli xizmatlar faoliyati tezkor boshqariladi va muvofiqlashtiriladi.
Vaziyatlar markazini ishga tushirish doirasida tumanning 46 mahallasi bilan videokonferensaloqa yo‘lga qo‘yilgan va markaz bilan integratsiya qilingan. Shuningdek, tumandagi 25 maktab vaziyatlar markaziga integratsiya qilinmoqda.
Platforma tarkibidagi “Xavfsiz tuman” tizimi huquqbuzarliklarni monitoring qilish va jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining raqamli xaritasi sun’iy intellekt tahlili asosida soliq tushumlarini prognoz qilish va ularning yig‘iluvchanligini ta’minlashga qaratilgan. “AI Davomat” tizimi esa maktablarda sababsiz dars qoldirish holatlarini bartaraf etish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishib, ushbu yangi tizimni poytaxtning qolgan tumanlarida ham joriy etishga topshiriq berdi. Toshkent shahrida ta’lim tizimi, qurilish sohasini raqamlashtirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliqlarning yig‘iluvchanligini oshirish, jamoat xavfsizligi ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.
Shu yerda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda Sergeli tumanida katta o‘zgarishlar amalga oshganini ta’kidladi. Yaqin-yaqingacha poytaxtning chekka hududi hisoblangan Sergelida aholi ishlash, daromad topish, dam olish va tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun asosan shahar markaziga borishga majbur edi.
Bugun esa tumanda muhit va odamlarning yashash tarzi tubdan o‘zgardi. So‘nggi o‘n yilda bu yerda 30 ming xonadonli yangi uy-joylar, umumiy maydoni 2 million kvadrat metr bo‘lgan sanoat, savdo va servis ob’ektlari barpo qilindi.
Tadbirkorlar soni 2,5 mingtadan 6 ming 200 taga ko‘paydi. Tumanda shakllangan byudjet tushumlari 382 milliard so‘mdan 2 trillion 200 milliard so‘mga, ya’ni 5,5 barobar oshdi. Aholi uchun 5 ta yirik dam olish maskani va istirohat bog‘lari ishga tushirildi.
Toshkent viloyatidan o‘tgan 13 ta mahalla hisobidan Sergeli tumani hududi 1 ming 800 gektarga kengayib, jami 5,6 ming gektarga yetdi. Tumanni boshqa hududlar va shahar markazi bilan bog‘laydigan 9 kilometrlik yo‘l, 8 ta stansiyadan iborat yangi metro liniyasi bunyod etildi.
Maktab o‘rinlari 25 mingdan 38,5 mingga, bog‘cha o‘rinlari 7,5 mingdan 15,5 mingga ko‘paydi. 50 ta davlat va xususiy klinika ochildi.
Shu bilan birga, transport, yo‘l, elektr, suv va kanalizatsiya kabi infratuzilma tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha yechimini kutayotgan masalalar hali ko‘pligi ta’kidlandi.
Aholini xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha dastlabki natijalar Sergeli tumanidagi real vaziyatni aniq ko‘rsatdi. Ilgari tuman aholisi 181 ming nafar deb yuritilgan bo‘lsa, xatlov natijasiga ko‘ra, hududda aslida 236 mingga yaqin aholi yashayotgani ma’lum bo‘ldi. Yaqin yillarda Sergeli aholisi 300 ming nafardan ortishi kutilmoqda.
Shu bois, rahbarlarda uy-joy, bog‘cha, maktab, poliklinika va ish o‘rinlarini aholi o‘sishiga mos ravishda ko‘paytirish bo‘yicha hozirdan aniq reja va dastur bo‘lishi zarurligi bildirildi.
Bu yil Sergelini rivojlantirish uchun byudjetdan 173 milliard so‘m, banklar orqali 2 trillion 200 milliard so‘m resurs ajratilgan. Tuman hokimi va mutasaddilarga ushbu mablag‘larni samarali ishlatib, qo‘shilgan qiymatni 2-3 karra ko‘paytirish bo‘yicha rejalarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Joriy yilda poytaxt tumanlari jami 9 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirishi belgilangan. Sergelining o‘ziga o‘tgan besh oyda 236 million dollar investitsiya kiritildi. Yil yakunigacha 60 ta loyihani boshlash hisobidan yana 750 million dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.
Poytaxt sharoitida sanoat loyihalarini joylashtirishda yer masalasi eng katta muammo ekani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, “Yangi avlod” sanoat zonasidan poytaxtning 12 ta tumaniga joy ajratish hamda investitsiya, sanoat, ish o‘rni, eksport va byudjet tushumi ko‘rsatkichlarini loyiha qilgan tumanning o‘ziga yozish tizimini joriy etish topshirildi.
Yig‘ilishda yer ustidan o‘tgan metro yo‘nalishi ostida savdo va servis ob’ektlarini tashkil etish tajribasi ham ko‘rib chiqildi. Bunda davlat yerdan foydalanish huquqini auksionga chiqarib, loyiha va infratuzilmasini tayyorlab beradi, qolganini tadbirkorlar amalga oshiradi.
Sergelida metro liniyasining yana 8,5 kilometr qismida shunday ishlar yakuniga yetkazilsa, 137 ta savdo-servis ob’ekti, 1-1,5 mingta ish o‘rni yaratiladi, tuman byudjetiga 20-25 milliard so‘m qo‘shimcha tushum tushadi.
Umuman, yer usti metro liniyasining Yashnobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tgan 23 kilometr hududida bunday loyihalar amalga oshirilsa, yana 400 ta tadbirkor biznes boshlab, 3 mingta ish o‘rni yaratishi mumkin.
Yerlarni qurilishga ruxsat, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyihasi bilan birga tayyor paket shaklida auksionga chiqarish bo‘yicha Sergelida yangi tajriba boshlandi. Davlatimiz rahbari mazkur tajribani nafaqat yer uchastkalari, balki sotuvga qo‘yilayotgan davlat ob’ektlari va sanoat zonalariga ham tatbiq etish zarurligini ta’kidladi.
Toshkent viloyati hududidan olti yil oldin Sergeliga qo‘shilgan 13 ta mahallada 14,5 ming xonadon bor, ularda 50 mingdan ortiq aholi yashaydi. Lekin bu hududlar aholisi haligacha shahar muhitini to‘liq his qilgani yo‘q.
Mazkur mahallalarda yoritish uchun 629 ta temir-beton ustun o‘rnatilib, kabel tortilgan. Ammo tizim hali ishga tushmagani tanqid qilindi. Mutasaddilarga o‘n kun muddatda ushbu masalani hal qilish topshirildi. Shuningdek, yil yakunigacha ushbu mahallalarni kanalizatsiya tarmog‘iga to‘liq ulash vazifasi qo‘yildi.
Sergeli tumanida aholi va tadbirkorlarning soni oshgani sababli elektr energiyasiga yillik talab besh yilda 40 foizga ko‘paydi. Ayrim mahallalarda elektr kuchlanishi me’yordan 1,5-2 barobar pastligi qayd etildi.
“Shaharoldi”, “O‘zgarish” va “Qumariq” nimstansiyalarini ishga tushirish uchun jami 107 milliard so‘m ajratilgan. Mutasaddilarga ushbu ob’ektlarni aniq muddatlarda ishga tushirish va aholiga kafolatli elektr ta’minotini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.
Umuman, poytaxtning Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli, Yashnobod va Yangihayot tumanlariga o‘tgan 46 ta mahallada elektr, suv, kanalizatsiya va yo‘l bo‘yicha birorta hal etilmagan masala qolmasligi kerakligi ta’kidlandi.
Sergeli va Yangihayot tumanlari aholisini qiynab kelayotgan yana bir masala – suv tozalash inshooti atrofidagi badbo‘y hiddir. Mutasaddilarga 1-sentabrgacha oqova suv qabul qilish inshootiga zamonaviy filtrlash uskunalarini o‘rnatib, mazkur muammoni bartaraf etish topshirildi.
Kelgusi yildan Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan Quyi Chirchiq tumanida quvvati 300 ming kub metr bo‘lgan zamonaviy suv tozalash inshooti qurilishi boshlanadi. Buning hisobidan Sergelidagi suv tozalash inshootiga yuklama keskin kamayadi.
Joriy yil aholiga qulaylik yaratish maqsadida Sergelining asosiy 23 kilometr yo‘lida harakat xavfsizligi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Chorrahalarga 455 ta “aqlli” svetofor o‘rnatiladi, 150 ta avtobus bekati yangilanib, 10 ming o‘rinli avtoturargoh tashkil qilinadi.
Kelasi yil Yangi Sergeli ko‘chasida avtobuslar uchun 5,5 kilometrlik BRT yo‘lak qurish rejalashtirilgan. Bu yo‘lak Shota Rustaveli ko‘chasi bilan bog‘lanadi. Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlarini poytaxtning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan Toshkent halqa yo‘lidagi yangi ko‘prik qurilishini tezlashtirish zarurligi qayd etildi.
Yil boshidan buyon Toshkent shahriga qariyb 3 million xorijlik sayyoh tashrif buyurdi. Ularning ko‘pchiligi tarixiy obidalar, istirohat bog‘lari, bozorlar, kafe-restoranlar va turistik mahallalarga piyoda borib, xotirjam sayr qilishni istaydi.
Buning uchun yo‘l ko‘rsatkichlari, qulay marshrutlar va raqamli xaritalar zarurligi qayd etildi. Mutasaddilarga avtobus bekatlari, vokzal, aeroport va metro stansiyalarida sayyohlar uchun shahar marshrutlarini ko‘rsatuvchi, telefonga bepul va oson yuklab olinadigan xaritalarni joriy etish topshirildi.
Shuningdek, poytaxt mehmonlari va sayrga chiqqan aholi uchun hojatxonalar yetishmasligi qayd etildi. Bir oy muddatda alohida dastur ishlab chiqib, shu yilning o‘zida har bir tumanda 15-20 ta zamonaviy hojatxona qurish uchun yerlarni auksionga chiqarish vazifasi qo‘yildi. Chiqindi qutilarini keskin ko‘paytirish bo‘yicha ham choralar ko‘riladi.
Sergelidagi ayrim maktablar quvvatidan 1,5-2 karra yuqori yuklamada ishlamoqda. Yig‘ilishda o‘quvchi o‘rnini 2 karra ko‘paytirish imkonini beradigan yangi tipdagi maktablar qurish loyihasi taklif qilindi.
Yangi loyihaga ko‘ra, sport zali, oshxona va ustaxona yerto‘lada joylashadi, yuqori qavatlardan esa sinfxonalar sifatida foydalaniladi. Bu yil Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan maktab va bog‘chada ushbu yondashuvni joriy etib, “poytaxt tajribasi”ni yaratish topshirildi.
Poytaxtda aholi va turistlar uchun salqin mikroiqlim yaratish maqsadida 12 ta sun’iy ko‘l barpo etish ishlari boshlanmoqda. Shundan 3 tasi Sergelida – Qo‘shqo‘rg‘on, Sultonobod va Farog‘atli mahallalarida jami 22 gektar maydonda tashkil etiladi.
Ushbu ko‘llarni poytaxt iqlimini mo‘’tadil saqlashga, odamlar piyoda sayr qilib, hordiq chiqarishiga xizmat qiladigan maskanlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, “Jo‘n” kanalining Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tgan 5 kilometr qismini betonlashtirish boshlangani qayd etildi. Sergeli va Yangihayot tumanlari hokimlariga yil yakunigacha kanal bo‘yida sayilgoh va salomatlik yo‘lagini tashkil etish topshirildi.
Yig‘ilishda mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha poytaxt namunasini yaratish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Poytaxt tumanlariga respublika rahbarlari biriktirilgani o‘z natijasini berayotgani ta’kidlandi.
Olti oyda 230 ta mahallada jinoyat sodir etilmadi, 332 ta mahallada jinoyat keskin qisqardi. Kriminogen vaziyati tashvishli mahallalar soni 60 tadan 23 taga tushdi. Bu shaharda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi yondashuvlar samara berayotganini ko‘rsatmoqda.
Sergeli tumanida ham xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha ijobiy natijalar qayd etildi. Kriminogen vaziyati og‘ir deb baholangan 29 ta mahalla “yashil” toifaga o‘tdi. 17 ta mahallada jinoyat sodir etilmadi. Sergeli bu borada Toshkent shahri tumanlari orasida eng yaxshi natijalardan birini ko‘rsatdi.
Davlatimiz rahbari O‘zgarish mahallasidagi profilaktika ishlari bo‘yicha tajribani ommalashtirish, tumandagi qolgan 46 ta mahallani “yashil” toifaga o‘tkazish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi yondashuvlarni joriy etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Yig‘ilishda hokimlar va mas’ullarning axboroti tinglandi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Behruz XUDOYBERDIEV,
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA muxbirlari