Aeroportda yirik narkotrafik fosh etildi – 1,5 kg. sintetik modda ushlandi
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida giyohvandlik vositalarini uyushgan guruhlar tomonidan transchegaraviy usullarda yoki internet tarmog‘idan foydalanib o‘tkazishning oldini olishga qaratilgan muhim vazifa va topshiriqlar belgilangan.
Ushbu vazifalar ijrosi doirasida bojxona organlarining tezkor tuzilmalari tomonidan ham tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Natijada, yaqinda “Toshkent-Aero” IBK tezkor tuzilmalari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati vakillari bilan hamkorlikda yana bir narkotrafik kanali fosh etildi hamda sintetik giyohvandlik vositalarini respublikamiz hududiga olib kirish va tarqatishga uringan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi.

Joriy yilning 2-may kuni poytaxt aeroportida Bishkek shahridan uchib kelgan xorijiy davlat fuqarosi bojxona nazoratidan yashil yo‘lak orqali o‘tar ekan, uning xatti-harakatlaridagi bezovtalik bojxona xodimlarining e’tiborini tortdi.
Tezkor tekshiruv davomida ushbu shaxsning qo‘l yuklari orasida sport oziq-ovqat mahsuloti sifatida ko‘rsatilgan idish ichiga 500 grammga yaqin sintetik giyohvandlik vositasiga o‘xshash kukunsimon modda yashirilgani aniqlandi.
Aynan shu reys bilan kelgan yana bir yo‘lovchi ham shubha ostiga olinib, uning yuklari orasidan ham sport oziq-ovqat mahsuloti qadog‘iga yashirilgan 508 gramm og‘irlikdagi shubhali kukunsimon modda topildi.

Mazkur holatda asosiy savol tug‘ildi: ushbu narkotik moddalarni kim va qayerda qabul qilib olishi kerak edi?
Tezkor tadbirlar natijasida aniqlanishicha, ushbu yuklarni qabul qilib olish uchun Sergeli tumanidagi mahallalardan birida yashovchi 30 yoshli fuqaro tayinlangan bo‘lgan. U belgilangan joyda qo‘lga olindi.
Uning yashash xonadoni xoliclar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda esa giyohvandlik vositalarini o‘lchash va qadoqlash uchun mo‘ljallangan “zip-paketlar”, tarozi hamda boshqa ashyoviy dalillar aniqlandi.
Shuningdek, ikkinchi yo‘lovchi orqali olib kirilgan 508 gramm modda reja asosida Yuqori Chirchiq tumani hududida “zakladka” usulida qoldirilishi rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu moddani ham aynan o‘sha 30 yoshli shaxs olib ketishi kerak bo‘lgan.

Keyingi surishtiruvlar jarayonida mazkur shaxs joriy yil aprel oyida ham taxminan 500 gramm sintetik giyohvandlik vositasini Yuqori Chirchiq tumanining ovloq hududlaridan biriga yashirib qo‘yganligi aniqlangan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, jami 1,5 kilogrammdan ortiq moddalar α-PVP turkumiga mansub sintetik giyohvandlik vositasi ekani tasdiqlandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, xalq orasida “sol” yoki “kristall” deb ataladigan ushbu modda eng xavfli va tez qaramlik keltirib chiqaruvchi sintetik narkotiklardan biri hisoblanadi. Uning hatto 0,01 grammi ham O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq “ko‘p miqdor” sifatida baholanib, og‘ir jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sh.Mamaturopova, O‘zA