Islohotlar inson qadri uchun xizmat qilmoqda
Navoiy viloyati Qiziltepa tumani Azizobod mahallasida barpo etilgan jamoat bog‘ida Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbir avvalida tuman hokimi Bekzod Bobomurodov va viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid Xodjayev so‘zga chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Ta’kidlanganidek, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning bosh maqsadi — inson qadrini yuksaltirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, mahallalarni obod va farovon maskanlarga aylantirishdan iborat. Bugun bu ezgu maqsadlar yurtimizning barcha hududlarida, xususan, mahallalar hayotida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

- Tumanimizdagi Azizobod, Zarmetan, Arabxona va Varozun mahallalarida so‘nggi ikki yilda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari ham olib borilayotgan islohotlarning amaliy ifodasidir, – dedi tuman hokimi Bekzod Bobomurodov. – Mazkur hududlarda 72 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilib, aholi turmush farovonligini oshirish, ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar bajarildi. Avvalo, aholining kundalik hayotida muhim o‘rin tutadigan yo‘l, ichimlik suvi va elektr ta’minoti tizimlarini yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi. Hududda 32 kilometr ichki yo‘l asfaltlandi. 37,8 kilometr yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, aholi uchun eng muhim maishiy muammolardan biri ijobiy hal etildi. Elektr ta’minoti sohasida 55,2 kilometr tarmoq yangilanib, 18 ta yangi transformator o‘rnatildi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida ta’lim va inson salomatligi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. 16-, 18- va 42-maktablarning mavjud binolari mukammal ta’mirlandi. 15-maktabda esa ta’mirlash ishlari bilan bir qatorda 240 o‘rinli yangi o‘quv bloki barpo etildi.
Aholi salomatligini muhofaza qilish borasida ham muhim ishlar bajarildi. 19-oilaviy poliklinika to‘liq ta’mirlanib, qo‘shimcha blok qurildi. Bu esa tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish, uni aholiga yanada yaqinlashtirish va sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Bugun Azizobod mahallasi “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla”ga aylantirilmoqda. Hudud markazida aholining mazmunli dam olishi uchun zamonaviy jamoat parki, bolalar maydonchasi va vorkaut maydonlari tashkil etildi. Piyodalar, velosipedchilar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 2 kilometr maxsus yo‘lak barpo qilindi. Azizobod va Zarmetan mahallalarida 24/7 ko‘chalar, zamonaviy stellalar bunyod etildi.
Hududda aholiga xizmat ko‘rsatish va savdo infratuzilmasini rivojlantirishga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, “Azizobod” dehqon bozori to‘liq yangilanib, qo‘shimcha savdo rastalari barpo etildi.

Tuman madaniyat bo‘limi xodimlari va el suygan san’atkorlarning chiqishlari esa tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri