Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarga qanday omillar sabab bo‘ladi?
Baxtsiz hodisalarning oldini olish nafaqat inson hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, balki iqtisodiy barqarorlik va mehnat unumdorligini oshirish nuqtai nazaridan ham katta strategik ahamiyatga ega.
Har bir baxtsiz hodisa ortida inson salomatligi, oilalar taqdiri va korxona mas’uliyati turadi.
Jahon mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har yili ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari oqibatida taxminan 2,3 million xodim halok bo‘ladi, yana 340 millionga yaqin xodim jarohatlanadi. Ushbu raqamlar mehnat xavfsizligi sohasida samarali huquqiy mexanizmlarga bo‘lgan ehtiyoj naqadar yuqoriligini yaqqol namoyon etadi.
Afsuski, aksariyat hodisalar tasodif emas, balki mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya qilinmagani oqibatidir.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: baxtsiz hodisalarga eng ko‘p sabab bo‘luvchi omillar nimadan iborat? Eng ko‘p uchraydigan sabablar qanday? Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, xodimlarni o‘z vaqtida o‘qitmaslik va yo‘riqnoma bermaslik, majburiy tibbiy ko‘riklarni tashkil etmaslik, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlamaslik yoki ulardan foydalanishni nazorat qilmaslik baxtsiz hodisalarga olib kelish ehtimoli yuqori.
Bundan tashqari, ish joylarida xavflarni oldindan baholamaslik, nosoz uskuna va jihozlardan foydalanish, mehnat va dam olish vaqti talablariga rioya qilmaslikning ham oqibati xayrli kechmaydi.
Eng muhim omillardan biri esa ishlab chiqarish nazoratining sustligi bilan bog‘liq.
Darhaqiqat, baxtsiz hodisani bartaraf etishdan ko‘ra, uning oldini olish oson va samaralidir. Boisi xodimning hayoti va sog‘lig‘i har qanday ishlab chiqarish natijasidan ustun turadi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA