"Ipak: an’anadan zamonaviylikka"
Poytaxtimizda BAHOR France ishtirokida “Ipak: an’anadan zamonaviylikka” nomli maxsus moda namoyishi tashkil etildi.
BAHOR France — bu Fransiyaning Lion shahrida vatandoshimiz Navbahor Xaniyazova tomonidan asos solingan, O‘zbekiston va Fransiya madaniyatini bog‘lovchi mashhur eko-moda va ipak mahsulotlari brendi. Brend asosan o‘zbek milliy tabiiy ipagi (atlas, adras, ikat) va Lion ipakchilik an’analari uyg‘unligida yuqori sifatli kiyimlar, kelinlik liboslari va uy tekstili (ipak yostiq jildlari, ko‘rpalar) ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Tadbir davomida milliy liboslar, o‘zbek ipakchilik an’analari va zamonaviy moda yo‘nalishlarining o‘zaro uyg‘unligi namoyish etildi.
Tadbirda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Anri Brenders, Lion shahri Ipakchilik uyi assotsiatsiyasi prezidenti, shuningdek, O‘zbekiston va Fransiyadan tashrif buyurgan nufuzli mehmonlar ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA