Yangi glossariy ishlab chiqilmoqda
Ijtimoiy himoya tizimida yagona til paydo bo‘ladi. Agentlik, YUNISEF va ekspertlar ijtimoiy ish terminlarining xalqaro standartlarga mos glossariyini yaratish ustida ishlamoqda. Bu esa sohaga aniqlik olib kiradi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligida Agentlik mas’ullari, YUNISEF va xalqaro ekspert ishtirokida ijtimoiy ish terminlari bo‘yicha glossariy ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda ijtimoiy ish sohasida qo‘llaniladigan atamalarni yagona yondashuv asosida shakllantirish, ularni amaliyotda bir xil tushunish va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan terminlar ro‘yxati o‘rganilib, qo‘shimcha ravishda 36 ta termin taklif etildi. Shuningdek, muqobil parvarishga oid atamalarni ham glossariyga kiritish va ularni umumlashtirish masalasi muhokama qilindi.
Ta’kidlash kerakki, yagona glossariyning shakllantirilishi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda turli tashkilotlar o‘rtasida yagona yondashuvni ta’minlash, mutaxassislar faoliyatida tushunmovchiliklarni bartaraf etish hamda milliy amaliyotni xalqaro standartlarga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida glossariy ustidagi hamkorlikni onlayn formatda davom ettirishga kelishib olindi.
Sherbek Islomov, O‘zA