Intizom, shaffoflik va natija – bosh mezon
Mamlakatimizda iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash, davlat byudjeti daromadlarini mustahkamlash hamda tadbirkorlik uchun adolatli va shaffof soliq tizimini shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Prezidentimiz rahbarligida bu sohaga doimiy e’tibor qaratilib, soliq organlari faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirish, ularni jazolovchi emas, balki tadbirkorning ishonchli hamkori va servis xizmatiga aylantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilmoqda. Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro viloyatida ham tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Shu munosabat bilan Buxoro viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i D. Yo‘ldoshev Buxoro shahar soliq inspeksiyasida rahbarlar va shaxsiy tarkib ishtirokida ishchi yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 21-iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalarning ijrosini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, Buxoro viloyatida yillik aylanmasi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan 162 ta korxona ketma-ket uch yil davomida faoliyatini zarar bilan yakunlagani sababli foyda solig‘ini to‘lamagan. Mazkur korxonalarning salmoqli qismi Buxoro shahri hududiga to‘g‘ri kelishi bu borada mas’ul xodimlar oldiga qo‘shimcha vazifalar qo‘yilishini taqozo etdi.

Shuningdek, viloyatda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan 854 ta korxona tomonidan umuman soliq to‘lanmagani tanqidiy muhokama qilindi. Bu holatlarning kelib chiqish sabablari chuqur tahlil qilinib, har bir korxona kesimida aniq choralar belgilash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Tanqidiy va talabchan ruhda o‘tgan yig‘ilishda mahallabay hamda korxonabay ishlash tizimi samaradorligi har bir xodim faoliyati kesimida birma-bir ko‘rib chiqildi. Soliq tushumlari prognozlarining bajarilishi, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, soliq bazasini kengaytirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Alohida ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “tekshiruvdan – servisga” tamoyili endilikda soliq organlari faoliyatining bosh mezoniga aylanmoqda. Bu yondashuv tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, profilaktika va maslahat xizmatlarini kuchaytirish orqali soliq intizomini yuksaltirishga qaratilgan.

Yig‘ilishda Prezident farmonlari ijrosini so‘zsiz ta’minlash, kichik biznes sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, korrupsiyaning oldini olish, xizmat intizomini yanada mustahkamlash hamda har bir xodimning shaxsiy mas’uliyatini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, mol-mulk va yer solig‘idan qarzdor jismoniy shaxslar haqidagi ma’lumotlarni “Billing” tizimi orqali “Elektr tarmoqlari” ma’lumotlar bazasi bilan integratsiya qilish ishlarining borishi ham muhokama qilinib, raqamli nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Yig‘ilish yakunida mavjud kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, soliq tushumlarini oshirish, har bir mahalla va har bir korxona bilan manzilli ishlashni kuchaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi
Shuningdek, joriy yilning ikkinchi yarim yilligi hamda uchinchi choragi uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Bugungi kunda davlatimiz rahbari soliq tizimini iqtisodiy islohotlarning muhim tayanchi sifatida ko‘rmoqda. Chunki adolatli va shaffof soliq siyosati — kuchli iqtisodiyot, barqaror byudjet va tadbirkorlik rivojining mustahkam poydevoridir. Buxoro viloyatida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilish ham aynan shu maqsadlarga xizmat qilib, har bir rahbar va xodimdan yuksak mas’uliyat, tashabbuskorlik hamda aniq natija talab etilayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri