Inson qadri va taraqqiyot yo‘lidagi yangi qadamlar
Bugungi kunda Navoiy viloyatining eng olis tumanlaridan biri – Uchquduq tumanida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ta’lim, sport, madaniyat va ijtimoiy sohalarni qamrab olgan qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Viloyat hokimi Normat Tursunov tumanga tashrifi davomida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.
Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda tumandagi sport maktabida 63 ta sport guruhida 797 nafar yosh muntazam shug‘ullanmoqda. Ularning 261 nafarini qizlar tashkil etadi. Maktabning 70 nafar sportchisi mamlakat milliy terma jamoalari tarkibidan o‘rin olgan bo‘lsa, 103 nafari viloyat terma jamoasi a’zosidir. 2025-2026 o‘quv yili davomida sportchilar O‘zbekiston va Osiyo chempionatlari, Jahon kubogi musobaqalari hamda xalqaro turnirlarda jami 171 ta yuqori natija qayd etgan.

“Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida umumiy qiymati 1,5 milliard so‘m bo‘lgan zamonaviy kurash zali qurilayotgani esa yosh polvonlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratadi.
Ta’lim sohasini rivojlantirish ham davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Shu maqsadda tumandagi 4-sonli umumta’lim maktabida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. 1965-yilda qurilgan mazkur ta’lim muassasasida 143 nafar o‘quvchi tahsil olib, ularga 30 nafar pedagog ta’lim-tarbiya bermoqda. Ta’mirlash ishlari yakunlanganidan so‘ng o‘quvchilar uchun yanada zamonaviy va qulay ta’lim muhiti yaratiladi.

Tumanda maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 360 o‘ringa mo‘ljallangan 13-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 64 nafar pedagog va xodim mehnat qilmoqda. Hozirda muassasada 4 milliard 612 million so‘m mablag‘ evaziga kapital qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Viloyat rahbari 2-son texnikumda ham bo‘lib, ta’lim muassasasidagi sharoitlar bilan tanishdi. Texnikumda mavjud infratuzilmaviy muammolar, xususan, kanalizatsiya tizimi bilan bog‘liq masalalarni hal etish bo‘yicha zarur choralar belgilandi. Shuningdek, muassasani 2027-yilda Davlat dasturi doirasida kapital ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, bu yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Uchquduq tumanida amalga oshirilayotgan mazkur loyihalarning barchasi inson manfaatlarini ta’minlash, aholi farovonligini oshirish va hududning iqtisodiy hamda ijtimoiy salohiyatini yuksaltirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri