Germaniyaning dual ta’lim tajribasi o‘rganilmoqda
Mehnat bozori talablariga mos, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda dual ta’lim tizimi muhim o‘rin tutadi.
Ta’lim jarayonini ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirishga asoslangan mazkur model bugungi kunda dunyoning qator rivojlangan davlatlarida samarali qo‘llanilmoqda. O‘zbekistonda ham bu boradagi islohotlarni yanada takomillashtirish maqsadida Germaniyaning ilg‘or tajribasi o‘rganilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasining Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi doirasida Anxalt universiteti vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Germaniyada dual ta’lim tizimini samarali tashkil etish mexanizmlari, ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikning institutsional asoslari, talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish tajribasi hamda mehnat bozori talablariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Universitet mutaxassislari tomonidan Anxalt amaliy fanlar universitetida amalga oshirilayotgan dual ta’lim dasturlari haqida taqdimot o‘tkazildi. Unda dual ta’limning asosiy afzalliklari, ta’lim jarayonining korxonalar faoliyati bilan integratsiyalashgan modeli, talabalarning o‘qish davomida amaliy tajriba va daromad olish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, universitetda bakalavriat va magistratura bosqichlarida dual ta’lim shaklidagi qator ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda universitet 200 dan ortiq korxona va tashkilot bilan hamkorlik qilib, talabalarni ish joyida amaliy tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘ygan. Ta’lim jarayonida nazariy mashg‘ulotlar universitetda, amaliy bosqichlar esa ish beruvchi tashkilotlarda o‘tkazilib, har ikki yo‘nalish o‘zaro muvofiqlashtirilgan holda tashkil etiladi.
Tomonlar Germaniyaning xalqaro miqyosda e’tirof etilgan dual ta’lim modeli iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlariga javob beradigan raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashda muhim o‘rin tutishi, bunda ta’lim muassasalari, ish beruvchilar va davlat tashkilotlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari uchun universitet infratuzilmasi bo‘ylab tanishuv ekskursiyasi tashkil etildi. Unda zamonaviy o‘quv binolari, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan o‘quv-ishlab chiqarish maydonlari, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan innovatsion texnologiyalar va yondashuvlar bilan yaqindan tanishildi.
Muzokaralar chog‘ida dual ta’limni yanada rivojlantirish, ta’lim dasturlarini mehnat bozori va ish beruvchilar ehtiyojlari asosida takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA