Angrenda Ombudsmanning sayyor qabuli o‘tkazildi
Fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, uning murojaati e’tiborsiz qolmasligini ta’minlash — inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarning muhim mezonlaridan biri. Bu borada aholi bilan ochiq muloqot o‘rnatish, muammolarni joyida o‘rganish va ularning qonuniy yechimini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Angren shahrida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan tashkil etilgan sayyor qabul ham ana shu maqsadga qaratildi. Unda shaharning “Mirzo Ulug‘bek”, “Obod”, “Navbahor”, “Yangiobod” va “Oppartak” mahallalari fuqarolari ishtirok etdi.
Qabul davomida aholi tomonidan ijtimoiy yordam, ishga joylashish, tadbirkorlik faoliyati, shuningdek, sud-huquq sohasiga oid masalalar ko‘tarildi. Murojaatlarning joyida ko‘rib chiqilishi, ular bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berilishi va mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda yechim yo‘llarining belgilanishi fuqarolar uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Ombudsman vakolatiga taalluqli murojaatlar nazoratga olinib, ularni qonunchilikda belgilangan tartibda o‘rganish va natijasi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish belgilandi.
Tahlillar Angren shahrida Ombudsmanga murojaatlar soni ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, 2025-yil davomida shahardan 106 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi yarmidayoq ular soni 99 taga yetgan. Demak, joriy yilning olti oylik ko‘rsatkichi o‘tgan yil davomidagi murojaatlarning qariyb 93 foizini tashkil etgan. Bu raqamlar ortida odamlarni o‘ylantirayotgan turli masalalar, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga bo‘lgan ehtiyoj mujassam. Shu bois murojaatlar dinamikasini tahlil qilish, ularda ko‘tarilayotgan masalalarning sabablarini joyida o‘rganish va tizimli muammolarga yechim topish muhim.
Angrendagi ochiq muloqot ham aynan shu maqsadda tashkil etildi. Fuqarolar murojaatlarida, asosan, ijtimoiy va moddiy yordam, uy-joy va kommunal xizmatlar, mehnat huquqlari, kredit va bank munosabatlari, firibgarlik hamda mulk huquqi bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi. Shundan kelib chiqib, muloqotga murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarga bevosita daxldor davlat organlari va tashkilotlari vakillari jalb etildi.
Jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi vakili aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. Adliya vazirligi huzuridagi Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti vakili esa davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibini tushuntirdi.
Muloqotda aholining raqamli xavfsizligi masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ichki ishlar vazirligi vakili ishtirokida kiberjinoyatchilik va moliyaviy firibgarlikning oldini olish, shaxsga doir ma’lumotlarni qo‘lga kiritish orqali bank kartalaridagi mablag‘larni o‘zlashtirish, hisob raqamlariga kiberhujumlar uyushtirish kabi holatlardan himoyalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutasaddilarga bevosita murojaat qilib, huquqiy tushuntirishlar oldi. Ko‘tarilgan masalalarni vakolatli idoralar bilan hamkorlikda o‘rganish va hal etish bo‘yicha tegishli choralar belgilandi.
Inson huquqlarini himoya qilish tizimining samaradorligi, avvalo, fuqaroning muammosi eshitilishi va uning qonuniy yechimi ta’minlanishi bilan belgilanadi. Shu ma’noda, sayyor qabullar aholi bilan bevosita muloqot qilish, joylardagi muammolarni aniqlash va ularni mas’ul tashkilotlar ishtirokida hal etishning muhim vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
[gallery-31380]
Bu boradagi ishlar ko‘lamini raqamlar ham yaqqol ko‘rsatadi. 2026-yilning birinchi yarim yilligida Ombudsmanga jami 10 ming 468 ta murojaat kelib tushgan. Fuqarolar murojaatlarini o‘rganish natijasida undirilgan hamda undirish belgilangan mablag‘lar 26 milliard 849 million so‘mni tashkil etgan. Shundan 25 milliard 937 million so‘mi ish haqi va mehnat munosabatlariga oid. Shuningdek, qarzdorlik, sog‘liqqa yetkazilgan zarar, moddiy va ma’naviy zarar hamda boshqa majburiy to‘lovlar bilan bog‘liq murojaatlar bo‘yicha 304,6 million so‘mdan ortiq mablag‘ fuqarolar foydasiga undirilgan.
Ombudsman so‘rovlari asosida xotin-qizlarning voyaga yetmagan farzandlari ta’minoti uchun 435,9 million so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari undirilishi ta’minlangan.
Zero, har bir murojaat — ortida muayyan insonning taqdiri, uning huquqi va qonuniy manfaati turgan masaladir. Shu bois aholi murojaatlarini eshitish bilan birga, ularni chuqur o‘rganish, huquqiy jihatdan baholash va natijador yechimga yo‘naltirish inson huquqlarini ta’minlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
A.Musayev, A.Alijonov,O‘zA