Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyatlar davri keldi
Yaqin vaqtgacha Markaziy Osiyoni aksar tahlilchilar yirik davlatlar manfaati to‘qnashadigan hudud sifatida tasvirlardi. Bugun esa manzara o‘zgardi. Endi mintaqa tashqi kuchlar siyosati nishoni emas, balki xalqaro jarayonning mustaqil ishtirokchisi sifatida maydonga chiqqan.
2025-2026-yillari Markaziy Osiyoda o‘nlab yillar yechilmay kelgan muammolar bo‘yicha ilgari siljish kuzatildi, yangi iqtisodiy yo‘laklar shakllandi, tashqi sheriklar bilan munosabat mutlaq yuqori bosqichga ko‘tarildi. Markaziy Osiyo uchun haqiqatan yangi davr boshlandimi? Bu savolga javob izlash uchun eng avvalo mintaqadagi so‘nggi siyosiy o‘zgarishlarga nazar tashlash kifoya.
Yillar mobaynida Markaziy Osiyo integratsiyasi haqida ko‘p gapirilsa-da, amaliy natija cheklangan edi. So‘nggi davrda esa davlat rahbarlari o‘rtasidagi Maslahat uchrashuvlari doimiy muloqot maydoniga aylandi. Chegara, transport, energetika va suv resurslari kabi eng murakkab masalalar bo‘yicha yaqinlashuv kuzatildi.
2025-yil mart oyida Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida chegara masalasi bo‘yicha kelishuvga erishilgani mintaqa tarixidagi muhim voqea sifatida baholanmoqda. Zero, mazkur muammo nafaqat ikki davlat, balki butun mintaqaviy hamkorlikka ta’sir ko‘rsatib kelgan edi. Kelishuv transport aloqalarini tiklash va o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash uchun yangi sharoit yaratdi. Endi dunyo Markaziy Osiyoga mutlaqo boshqacha nigoh bilan qaray boshladi.

2025-yil aprel oyida Samarqand shahrida ilk bor Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari sammiti o‘tkazilib, muhim qarorlar qabul qilindi. Bu diplomatik qadam ortida beqiyos iqtisodiy va siyosiy ma’no mujassam: Yevropa mintaqa bilan savdo, transport, energetika, raqamli infratuzilma va muhim xom ashyo yo‘nalishlarida uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishga tayyorligini namoyon qildi. Samarqand sammiti davomida YeI tomonidan 12 milliard yevrolik sarmoyaviy tashabbus ham e’lon qilindi. Bu mablag‘ transport yo‘laklari, energetika loyihalari, raqamli aloqa tizimi va yashil iqtisodiyotga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Markaziy Osiyo bugun faqat Yevropa emas, balki Xitoy, AQSH, Turkiya, Ko‘rfaz davlatlari va boshqa xalqaro o‘yinchilar uchun ham strategik ahamiyat kasb etmoqda. 2025-yil Astanada o‘tgan ikkinchi “Xitoy – Markaziy Osiyo sammiti ham ayni qiziqish naqadar kuchayganini ko‘rsatdi.
Shu tariqa mintaqa tarixida ilk bor bir vaqtning o‘zida bir necha yirik geosiyosiy markaz bilan muvozanatli hamkorlikni rivojlantirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Shu tariqa qardosh davlatlarimizda tashqi siyosat imkoniyati kengaydi, sarmoya jalb qilish va iqtisodiy loyihalarni ko‘paytirish salohiyati yuzaga chiqdi.
Bugun Markaziy Osiyo uchun xavfsizlik muammosi emas, transport yo‘laklari, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, energiya xavfsizligi va xalqaro logistika masalalari ustuvor. Oxirgi ikki yil voqealariga nazar tashlasak, mintaqamiz endi tashqi kuchlar o‘rtasidagi hudud emas, balki Yevrosiyoning yangi iqtisodiy-siyosiy tuguniga aylanayotgan makonga aylanganini ko‘rish mumkin.
Transport yo‘laklari, energetika va raqamli transformatsiya – kelajak uchun kurash maydoni
XX asrda davlatlar qudrati tabiiy resurslar bilan o‘lchangan, XXI asrda esa global iqtisodiyotning asosiy mezoni logistika, texnologiya va ma’lumot oqimi bilan belgilanyapti. Ayni nuqtai nazardan Markaziy Osiyo tarixiy burilish pallasiga kirgan.
So‘nggi yillarda xalqaro savdo tizimida yuz bergan keskin o‘zgarish yangi transport yo‘laklariga ehtiyojni kuchaytirdi. Rossiya – Ukraina urushi, Qizil dengizdagi xavfsizlik muammosi va dunyo ta’minot zanjiridagi uzilish natijasida davlatlar an’anaviy marshrutlarga muqobil yo‘llar izlashga majbur. Shunday sharoitda Markaziy Osiyo ko‘p yil davomida orzu bo‘lib kelgan geografik ustunligini haqiqiy iqtisodiy afzallikka aylantirish imkoniga ega.
Bugun xalqaro ekspertlar tez-tez tilga olayotgan loyiha – Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi yoki keng tarqalgan nomi bilan aytganda, “O‘rta yo‘lak” Xitoydan boshlanib, Qozog‘iston, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali Yevropa bozoriga chiqish imkonini beradi.
Avvallari istiqbol sifatida baholangan mazkur loyiha endilikda xalqaro iqtisodiy strategiyaning muhim qismiga aylandi. Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Xitoy va mintaqa davlatlari mazkur yo‘nalish infratuzilmasini takomillashtirishga mislsiz mablag‘ yo‘naltirmoqda. Jarayonning asosiy yutug‘i shundaki, Markaziy Osiyo endi faqat oraliq hudud emas, logistika xizmati, sanoat kooperatsiyasi va yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadigan ishlab chiqarish zanjirining bir qismidir.
Yana bir muhim tendensiya energetika sohasida kuzatilmoqda. Ko‘p yil davomida neft, gaz va uran kabi resurslar manbai sifatida ko‘rilgan mintaqamiz bugun yashil energetika bo‘yicha ham muhim hudud sifatida e’tirof etilyapti.
O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Qozog‘iston shamol energetikasi bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Qirg‘iziston hamda Tojikiston esa gidroenergetika imkoniyati bilan ajralib turadi. Mintaqa nafaqat energiya eksportchisi, balki qayta tiklanuvchi energiya markazlaridan biriga aylanish uchun harakat qilmoqda. Bu jarayon xalqaro sarmoyadorlar qiziqishini ham oshirmoqda. Zero, kelajak iqtisodiyoti uchun arzon va barqaror energiya manbalari hal qiluvchi ahamiyatga ega. biroq Markaziy Osiyo kelajagini faqat transport va energetika bilan izohlash yetarli emas. Bugun raqamli iqtisodiyot sohasida ham yangi raqobat boshlangan. Sun’iy intellekt, ma’lumot markazlari, moliyaviy texnologiya xizmati, elektron hukumat tizimi va startap ekotizimi mamlakatlarimiz taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichlariga aylandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston raqamli transformatsiya dasturlarini jadallashtirdi. Texnologik parklar, IT-xablar va innovatsion markazlar soni ortmoqda. Xalqaro kompaniyalar esa mintaqa yoshlari salohiyatini yangi iqtisodiy o‘sish drayveri sifatida baholamoqda. Aslida, Markaziy Osiyoning eng katta boyligi – aholining yosh tarkibi.

Bugun mintaqamizda istiqomat qilayotgan 80 milliondan ortiq aholining aksari mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar. Ta’lim, innovatsiya va texnologiyaga sarmoya ko‘paysa, demografik resurs kelgusi o‘n yilliklarda iqtisodiy o‘sishning asosiy omiliga aylanishi shubhasiz. Tabiiyki, hal qilinishi lozim bo‘lgan masala ham oz emas: suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishi oqibatiga moslashish, sanoatni diversifikatsiya qilish, transport infratuzilmasi takomillashtirish orqali mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish.
Xullas, bugungi voqelik bir haqiqatni ko‘rsatmoqda: Markaziy Osiyo ilk bor geografik joylashuv, siyosiy muloqot, tashqi sheriklar qiziqishi va iqtisodiy imkoniyat uyg‘unlashgan davrga kirib kelmoqda.
Hozir “Markaziy Osiyo uchun imkoniyatlar davri keldimi?” degan savol dolzarb emas. Asosiy masala mintaqa davlatlari shu imkoniyatdan qay darajada samarali foydalanishida. Tarix imkoniyat beradi. Mavjud salohiyatni taraqqiyot sari yo‘naltirish esa mamlakatlarning o‘z qo‘lida.
Musulmon Ziyo, O‘zA