Imkoniyat cheklanmagan
Bugungi kunda Toshkent shahrida 63 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qiladi. Ularning jamiyatdagi faolligini oshirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi tomonidan “Imkoniyat cheklanmagan” nomli ijtimoiy aksiya tashkil etildi.
Tadbir nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijodiy salohiyati va iste’dodini qo‘llab-quvvatlash, ularning tasviriy, amaliy san’at hamda hunarmandchilik yo‘nalishidagi ijodini keng jamoatchilikka namoyish etish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbir doirasida nogironligi bo‘lgan fuqarolar tomonidan yaratilgan qo‘l mehnati mahsulotlari, amaliy san’at namunalari, tasviriy san’at asarlari hamda hunarmandchilik ishlari ko‘rgazmasi hamda kim oshdi savdosi ham o‘tkazildi.

Ishtirokchilar o‘zlarining ijodiy ishlari orqali nafaqat mahorat va iste’dodlarini namoyon etdi, balki jamiyat hayotida faol ishtirok etishga bo‘lgan intilishlarini ham ko‘rsatdi.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu dasturiy maqsadlardan kelib chiqqan holda tashkil etilayotgan “Imkoniyat cheklanmagan” kabi tashabbuslar har bir insonning iste’dodi va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA