Do‘stlik va bag‘rikenglik – taraqqiyotning mustahkam poydevori
Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan “Do‘stlik festivali” tashkil etildi.
Mazkur festival mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, insoniylik va hamjihatlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qilgan muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbirga aylandi.
Festival doirasida “Biz yagona Vatan farzandlarimiz”, “O‘zbekiston – yagona Vatan”, “Qo‘shnichilik va bag‘rikenglik saboqlari” mavzularida davra suhbatlari tashkil etildi. Unda harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar hamda turli milliy madaniy markazlar faollari ishtirok etib, Yangi O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va o‘zaro hurmatni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida fikr almashdi.
Tadbirda so‘z olganlar O‘zbekiston hududida turli millat va elat vakillari yagona maqsad – Vatan ravnaqi, xalq farovonligi va yurt tinchligi yo‘lida ahil va inoqlikda yashab, bunyodkorlik ishlariga munosib hissa qo‘shib kelayotganini ta’kidlashdi. Aynan ana shunday birdamlik va hamjihatlik mamlakatimiz taraqqiyotining eng muhim omillaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Festivalning badiiy qismi esa chin ma’noda do‘stlik va hamjihatlik bayramiga aylandi. Unda turli millat vakillari tomonidan xalq kuy-qo‘shiqlari, milliy raqslar hamda urf-odatlarni aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Rang-barang madaniy chiqishlar milliy qadriyatlarimizning betakrorligi, xalqimizning bag‘rikengligi va o‘zaro hurmat tamoyillarini yorqin ifoda etdi.
Tadbir davomida milliy madaniyat, hunarmandchilik va amaliy san’at namunalaridan iborat ko‘rgazmalar tashkil qilinib, ishtirokchilarga yurtimizning boy madaniy merosi namoyish etildi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida sport musobaqalari, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi ko‘rgazmali chiqishlar hamda turli tanlovlar o‘tkazildi. Ushbu bellashuvlar yoshlarning jismoniy tayyorgarligini oshirish, ularni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, Vatanga sadoqat va fidoyilik ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.
Festival yakunida ta’kidlanganidek, millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik O‘zbekistonning bebaho boyligi, xalqimizning kuch-qudrati hamda barqaror taraqqiyotining mustahkam poydevoridir. Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar jamiyatimizda do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, yosh avlod qalbida yuksak insoniy fazilatlarni kamol toptirish va Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
[gallery-30558]
Zero, yagona Vatanimizning tinchligi va ravnaqi, xalqimizning birdamligi va hamjihatligi har bir fuqaroning eng ulug‘ boyligi, eng yuksak qadriyati hisoblanadi. Do‘stlik, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat hukm surgan jamiyatda taraqqiyot barqaror, kelajak esa yanada porloq bo‘ladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari