Ilm — kutubxona uchun emas, hayot uchun
Bugungi tez o‘zgarayotgan dunyoda ilm-fanning qadri uning qanchalik ko‘p kitoblarda aks etgani bilan emas, balki insonlar hayotini qanchalik ijobiy tomonga o‘zgartirgani bilan o‘lchanmoqda. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan “Ilm — kutubxonalar rafida chang bosib yotishi uchun emas, balki amaliyotga xizmat qilishi kerak” degan g‘oya nafaqat soha xodimlari uchun shior, balki mamlakatning yangi metodologik asosiga aylandi. Uzoq yillar davomida ilmiy faoliyat deganda faqat dissertatsiya himoya qilish, akademik unvon olish va kutubxonalar uchun qalin jildli kitoblar yozish tushunib kelingani oqibatida nazariya va hayot o‘rtasida ulkan uzilish paydo bo‘lgan edi. Vaholanki, insoniyat erishgan eng buyuk yutuqlar aynan nazariya va amaliyotning jipslashgan nuqtasida tug‘ilgan. Shu sababli bugungi davr talabi — “ilmiy ish uchun ilmiy ish” emas, balki “hayot uchun ilm” tamoyilidir. Bu tamoyil olimlardan faqat bilim to‘plashni emas, balki jamiyatning eng og‘riqli muammolariga real yechim topishni talab qiladi.
Ilm-fanning amaliyot bilan uyg‘unligi uchta muhim yo‘nalishda strategik ustunlik beradi. Birinchidan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ekologiya kabi ijtimoiy muammolarning tezkor yechimi ta’minlanadi. Ikkinchidan, yangi texnologiyalar va boshqaruv usullari kundalik ehtiyojlardan kelib chiqib yaratilgandagina davlat jahon bozorida raqobatbardosh bo‘la oladi. Uchinchidan, tadqiqotchi o‘z ishining natijasi qaysidir korxona yoki sohada qo‘llanishini bilsa, uning jamiyat oldidagi mas’uliyati va ishtiyoqi bir necha barobar ortadi. Haqiqiy olim — hayotning ichiga kirib borgan insondir. Qishloq xo‘jaligi olimi dalada fermer bilan yelkama-yelka turishi, ta’lim sohasi tadqiqotchisi esa maktab partasidagi muhitni his qilishi shart. Shundagina ilmiy ish “o‘lik” qog‘ozdan naf keltiradigan kuchga aylanadi. Germaniya, Janubiy Koreya va Singapur kabi davlatlarning iqtisodiy mo‘’jizasi zamirida aynan universitetlar va ishlab chiqarish o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik yotadi.
Buyuk muhaddis Imom Buxoriyning “Ilm so‘z va amaldan oldindir” degan oltin qoidasi bugungi kun taraqqiyoti uchun ham dasturulamaldir. U zotning ta’limotiga ko‘ra, ilmsiz amal — xato, amalsiz ilm esa samarasizdir. Bugungi dunyoda faqat bilish yetarli emas, bilimni iqtisodiyotga, ishlab chiqarishga va ijtimoiy farovonlikka aylantirish davr talabidir. Ilmiy ishlar faqat diplom yoki unvon uchun emas, balki jamiyat muammolarini hal etish, ta’lim va iqtisodiyotni yuksaltirish uchun xizmat qilishi kerak. Zamonaviy boshqaruv san’ati ham shunchaki intuitsiyaga emas, balki muammoning ichki mohiyatini ilmiy asosda anglash salohiyatiga tayanmoqda. Angela Merkel, Li Kuan Yu, Amartiya Sen kabi rahbarlarning muvaffaqiyati zamirida ilmiy tahlil va hayotiy tajribaning uyg‘unligi yotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining korxonalarni ilmiy-innovatsion rivojlantirish borasidagi siyosati universitetlar va sanoat korxonalari o‘rtasidagi “ko‘prik”ni mustahkamlashga qaratilgan. Davlat rahbarining Innovatsion rivojlanish strategiyasi, “raqamli iqtisodiyot” va “aqlli ishlab chiqarish” tizimiga o‘tish borasidagi qarorlari ilmiy ishlanmalarni iqtisodiy qiymatga aylantirishda ustuvor vazifa bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugungi kunda IT-parklar, suv tejovchi texnologiyalar va sanoatdagi raqamlashtirish jarayonlari ushbu islohotlarning amaliy mevasidir. Ilmni rivojlantirishda sotsiologiya fanining o‘rni ham beqiyos. Sotsiologiya — jamiyatni “diagnostika qiladigan”, muammolar sababini tushuntiradigan va yechimlar taklif etadigan fandir.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, endilikda sotsiologik tadqiqotlar davlat siyosatini belgilab beruvchi asosiy omil bo‘lishi shart. Jamiyatdagi kayfiyat va aholining davlatga bo‘lgan ishonchi muntazam tahlil qilib borilmoqda. “Quloq soladigan davlat” konsepsiyasi doirasida rahbarlar faoliyatiga bahoni xalqning real roziligi belgilaydi. Sotsiologik tadqiqot qarori — bu shunchaki qog‘oz emas, balki ilmiy fikrlash va amaliy natijani bir nuqtada birlashtiruvchi intellektual mexanizmdir. Zero, haqiqiy kamolot — kutubxonalardagi bilimlarni hayot maydoniga olib chiqish va ular orqali dunyoni yaxshilashdadir.
Tashpo‘lat MATIBAEV,
Sotsiologiya fanlari doktori, professor