Ma’naviy yetuk kadrlar har sohaning tayanchi
Ma’lumki, yosh avlodni ma’naviy yetuk, mustaqil fikrlaydigan va yuksak intellektual salohiyatga ega insonlar etib tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatining o‘rni beqiyos.
Bu borada Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida kitob mutolaasini keng targ‘ib etish, yoshlarning badiiy va ilmiy adabiyotlarga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda mutolaa muhitini yanada mustahkamlash borasida qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Akademiyada muntazam ravishda “Eng yosh kitobxon”, “Mutolaa va tafakkur”, “Kitob — ma’naviyat ko‘zgusi” kabi ma’naviy-ma’rifiy loyihalar, davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Shuningdek, Akademiya axborot-resurs markazida yaratilgan zamonaviy sharoitlar, yangi adabiyotlar fondining muntazam boyitib borilishi, elektron resurslardan samarali foydalanish imkoniyatlari kitobxonlik muhitining yanada rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, ayol ustozlarning o‘z shaxsiy namunalari orqali yoshlarni mutolaaga chorlayotgani, kitobxonlikning inson kamolotidagi o‘rni haqida samimiy suhbatlar o‘tkazayotgani alohida e’tiborga loyiq.

Zero, kitob inson tafakkurini charxlaydi, dunyoqarashini kengaytiradi, ma’naviy immunitetini mustahkamlaydi hamda Vatanga sadoqat, kasbga fidoyilik va insoniy fazilatlarni yuksaltirishga xizmat qiladi.
G.Boboyeva, O‘zA