Ichki ishlar organlarida korrupsiya va xizmat intizomini buzish holatlariga chek qo‘yiladi
Ichki ishlar organlarida qonuniylikni ta’minlash, xizmat intizomini mustahkamlash va kadrlar bilan ishlash samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov boshqargan tadbirda vazirlikning ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti hamda Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Tizimda kadrlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, korrupsiya va xizmat intizomini buzish holatlarining oldini olish, bu yo‘nalishda mavjud kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish masalalari atroflicha tahlil qilindi.
Mas’ullarning axborotlari tinglandi. Shaxsiy tarkibning xizmat burchiga zid harakatlar, korrupsiya va qonunbuzarlik holatlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishi lozimligi hamda bu yo‘nalishda har bir rahbar xodimning shaxsiy javobgarligini chuqur his qilishi shartligi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida ko‘rilgan masalalar yuzasidan mas’ul rahbarlarga aniq topshiriqlar berilib, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi belgilandi.
N.Abduraimova,
O‘zA