Media haftalik bilimlarni oshirish, o‘zaro tajriba almashish maydoni bo‘ldi
27-aprel – 1-may kunlari Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi va Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda “Media haftalik” tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
Besh kun davomida viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari, axborot xizmatlari xodimlari, blogerlar va ijtimoiy faol fuqarolar taniqli media ekspertlar, kontent markazi xodimlari va mahoratli jurnalistlar ishtirokidagi seminar va o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdi.
[gallery-29147]
Bu tadbirlarda O‘zbekiston bosma mediasidagi kontent: amaliyot, muammo va yechim, Prezident faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritishning asosiy yo‘nalishlari, mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarining ijtimoiy tarmoqlardagi amaliyotidan keyslar tahlili, sun’iy intellekt davrida axborot maydoni himoyasi hamda jurnalist va blogerlarning raqamli gigiyenasi, korrupsiyaga qarshi kurashishda OAVning roli, media menejment va moliyaviy barqarorlikning zamonaviy strategiyasi kabi mavzularda so‘z yuritildi. Shuningdek, tahririyatlar texnik xodimlari va operatorlar uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, eksklyuziv mediakontent tayyorlashning zamonaviy usullari, bunda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish yo‘llari o‘rgatildi. Mobilograflar uchun mahorat darslari tashkil etildi.
Samarqand xalqaro turizm markazida o‘tkazilgan haftalikning yopilish marosimida Prezident Administratsiyasi huzuridagi ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi direktori o‘rinbosari J.Abdurahmonov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Sh.Oripov va boshqalar tadbirlar yuqori saviyada o‘tganini qayd etdi. Mashg‘ulotlar davomida 200 nafardan ortiq jurnalist va blogerlar, axborot xizmatlari xodimlari va sohaga kirib kelayotgan yoshlar qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lib, bilim va mahoratini oshirish bilan birga o‘zaro tajriba almashgani ta’kidlandi.
Tadbirda kontent markazi, jurnalistlar uyushmasining bir qator loyihalari taqdimotlari o‘tkazildi hamda haftalik ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari