Ibratli oilalar rag‘batlantirildi
15-may – Xalqaro oila kuni
Andijon davlat universitetida sana munosabati bilan “Oilamiz – kelajagimiz” oyligi doirasida “Sog‘lom va mustahkam oila – jamiyat ko‘rki” nomli bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman, shahar oila va xotin-qizlar bo‘limlari rahbarlari, mutaxassislari, boshqarma huzuridagi “Oqila ayol” harakati a’zolari, mehnat faxriylari, mahallalarda ish olib borayotgan xotin-qizlar faollari, otinoyilar, hamkor tashkilotlar, ibratli oilalar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigoraxon Yunusova va boshqalar Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda oilalarni mustahkamlash, qo‘llab-quvvatlash, oilaning jamiyatdagi o‘rni, roli va nufuzini oshirish, oilaviy qadriyatlarni ulug‘lash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, keksalarga hurmat-ehtirom ko‘rsatishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Jumladan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 25-maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ularning siyosiy va iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar o‘z ifodasini topgan.
Mamlakatimizda joriy etilgan “Ayollar daftari” loyihasi doirasida birgina Andijon viloyatining o‘zidan keyingi yillarda 100 ming nafardan ziyod ayolga zarur yordamlar ko‘rsatildi.
– Bugungi kunda viloyatimizdagi 900 dan ortiq mahallada 750 mingdan ziyod oila mavjud, – deydi viloyat hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigoraxon Yunusova. – Shu ma’noda o‘tkazilayotgan tadbirlarning asosiy maqsadi ham oilalarni yanada mustahkamlash, bu boradagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, namunali oilalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlashtirishga qaratilgan.
Dastlab tadbirda ishtirokchilarga sog‘lom oilaviy va ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, farzand tarbiyasi, ayniqsa, yosh qizlarni kamolga yetkazish, oilani mustahkamlash, oilaning nechog‘lik muqaddas dargoh ekanligi, uning inson hayoti, davlat va jamiyat rivojidagi roli, oilani asrab-avaylash g‘oyalari targ‘ib etilgan videorolik namoyish etildi.
Darhaqiqat, oila hayotning abadiyligini, avlodlar davomiyligini ta’minlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni saqlaydigan, shu bilan birga, yosh avlodni munosib insonlar bo‘lib voyaga yetishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan, har bir inson uchun eng muqaddas maskandir.
Shundan so‘ng o‘zining ahilligi, mehr-oqibati, oilani boshqarish, farzand tarbiyasidagi ibratli yondashuvlari hamda jamiyat hayotidagi faol ishtiroki bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lib kelayotgan bir guruh namunali oila vakillariga “Ibratli oila” ko‘krak nishoni hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Joriy yilda Andijon viloyatidan 134 ta oila ana shu mukofotga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, tadbirda “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichi g‘oliblari ham munosib rag‘batlantirildi.
[gallery-29434]
– Ochig‘i, tanlovning viloyat bosqichida g‘olib bo‘lishni kutmagan edik, – deydi tanlov g‘olibi Izboskan tumanidagi Do‘stlik mahallasida yashovchi Dildoraxon To‘xtanazarova. – O‘zim pedagogman, turmush o‘rtog‘im tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi. Farzandlar tarbiyasi, uy yumushlaridan ortib, kasbiy faoliyatda ham samarali ish olib borish, albatta, oson emas. Erishayotgan yutuqlarimizni oilamizdagi tinchlik-xotirjamlikdan, oilamiz kattalarining duolaridan deb bilaman. Kelgusida butun oilamiz bilan “Ibratli oila” tanlovi g‘olibi degan nomga munosib bo‘lishga harakat qilamiz.
Bayram tadbiri davomida san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.