Ibn Sino asarlari asl nusxalari qayerda?
Abu Ali Ibn Sinoning yer yuzi bo‘ylab "sochilib ketgan" bebaho merosi yagona raqamli makonda jamlanmoqda. Endi buyuk allomamiz asarlari yangi tadqiqotlar, ochiq resurslar orqali xalqqa taqdim etib boriladi.
Tarixda o‘chmas iz qoldirgan buyuk shaxslar – daho olimlarimiz ko‘p. Xususan, jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga tamal toshi qo‘ygan ulug‘ siymo – Ibn Sino haqida qanday ma’lumotga egamiz?
Ko‘pchilik Ibn Sinoni tibbiyot sohasida mislsiz yutuqqa erishgan, inson salomatligiga doir mukammal fan – tibbiyot asoschisi sifatida biladi. Uning asarlari haqida gap ketganda, beixtiyor, xayolimizga “Tib qonunlari” keladi. Vaholanki, bu buyuk olim falsafa, mantiq, astronomiya, matematika, tabiiy fanlar va psixologiya sohalarida ham ulkan ilmiy meros qoldirgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Ibn Sino 450 ga yaqin kitob yozgan. Afsuski, hozircha insoniyatga uning 240 asari ma’lum. Mazkur ijod namunasi nafaqat Islom sivilizatsiyasi, balki Yevropa ilm-fani rivojiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Xo‘sh, ushbu merosdan qanday foydalanish, vatandoshlarimiz alloma asarlarini qayerdan topishi va o‘qishi mumkin?

Ma’lumki, so‘nggi yillarda ilmiy-ma’rifiy merosimizga jiddiy e’tibor berilib, ulug‘ ajdodlarimiz qoldirgan boy merosni o‘rganish, tahlil qilish, ular qoldirgan, ayni payt dunyoning turli burchaklarida saqlanayotgan nodir asarlardan xalqimizni bahramand etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday xayrli ishga yosh olimlar, izlanuvchan talabalar bel bog‘lagani yanada quvonarli.
Xususan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati, Yaponiyaning Kyoto universiteti doktoranti Jasur Jo‘rayev Abu Ali Ibn Sino asarlarini yagona raqamli makonda jamlashni maqsad qilgan.
– Ibn Sino vatandoshimiz ekanligidan faxrlanishga haqlimiz, – deydi Jasur Jo‘rayev. – Mazkur alloma to‘g‘risidagi har qanday yangi ma’lumot nafaqat olimlar, balki yurtdoshlarimiz uchun ham foydali va qiziqarli, deb o‘ylayman. Ibn Sinoning eng mashhur asari “The Canon of Medicine” – “Tib qonunlari” asrlar davomida Yevropa va Sharq mamlakatlari uchun asosiy tibbiy qo‘llanma sifatida tan olingan. XII asrda lotin tiliga o‘girilgan ushbu qo‘llanmadan Yevropa universitetlari darslik sifatida foydalangan.

Ma’lumki, Ibn Sinoning ko‘p qirrali, boy merosi dunyo taraqqiyotida beqiyos ahamiyatga ega. U ijodi, ilmiy faoliyatida Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlaridagi yuqori ko‘tarinkilik, “madaniy uyg‘onish” davri ma’naviy yutuqlarini mujassamlashtira oldi. Shu tariqa butun Sharq va Yevropadagi ma’rifat silsilasiga kuchli turtki berdi.
Bugungi kunda uning merosi qo‘lyozma, dastlabki bosma nashr hamda arab, fors, lotin va hatto ibroniy tillaridagi tarjima shaklida dunyo bo‘ylab sochilib ketgan. Londondan Istanbulgacha, Pensilvaniyadan Jenevagacha cho‘zilgan hududni qamrab olmish ayni merosni izchil o‘rganish uzoq vaqt davomida ilojsiz bo‘lib keldi.
Qahramonimiz Jasur Jo‘rayev buyuk olim asarlarini aniqlash, tizimga solish va raqamli makonda birlashtirish bo‘yicha tadqiqot boshlagan. Izlanish jarayoni 2025-2026-yillarda qator yetakchi akademik markazlarni qamrab olishi rejalashtirilgan. Xususan, Birmingemdagi Alabama universitetida Ibn Sinoning qo‘lyozmasi va bir necha bosma nashrini o‘z ichiga olgan to‘plam o‘rganildi. Yanada yirikroq majmua – 40 dan ziyod qo‘lyozma va kitob – Pensilvaniya universitetida saqlanmoqda. E’tiborlisi, bu asarlarning muayyan qismi allaqachon raqamlashtirilgan va tadqiqotchilar ochiq foydalanishi uchun taqdim etilgan.

Yosh tadqiqotchi Yevropadagi Bazel va Jeneva universitetlari kutubxonalarida ham amaliy ish olib bordi.
– Tadqiqot davomida Ibn Sinoning qo‘lyozma va bosma asarlari o‘rganilib, manbalarning tarixi, saqlanish holati va ilmiy ahamiyati tahlil qilindi, – deydi J.Jo‘rayev. – So‘ngra kitoblarning elektron nusxalari yig‘ilib, tarjima va ilmiy tahlil boshlandi. Allomamiz yaratgan merosning salmoqli qismi G‘arbiy Yevropada, yirik arxiv markazlarida jamlangan. Masalan, Britaniya va Bodli kutubxonalarida arab, fors alifbosidagi qo‘lyozmalardan iborat boy to‘plamlar mavjud. Fransiya Milliy kutubxonasi va Vatikan Apostol kutubxonasida esa vatandoshimizning tibbiy va falsafiy asarlari lotincha tarjimasi saqlangan. Merosning yana bir muhim qismi Yaqin Sharqda: Islom olamining eng yirik qo‘lyozma markazlaridan biri hisoblangan Sulaymoniya kutubxonasida Ibn Sino nomi bilan bog‘liq matnlarning ulkan to‘plami mavjud.

Jasur Jo‘rayev shu tarqoq manbalarni asta-sekin raqamli makonda to‘playapti. Loyiha doirasida materiallarni raqamlashtirish, guruhlarga ajratish, o‘zbek va ingliz tillariga o‘girish niyat qilingan. Shu tariqa ko‘plab asarlarni internet orqali onlayn tarzda ko‘rish yoki yuklab olish imkoni yaratiladi. Demak, Ibn Sinoning boy merosi dunyo tadqiqotchilari, talabalar va ilm-fan ixlosmandlari uchun yanada keng ochiladi. Kelajakda bu asarlarni ilk bor tizimli ravishda jahon bo‘ylab taqdim etish imkonini beradigan yagona xalqaro ma’lumotlar bazasi yaratish ko‘zda tutilgan.
Darvoqe, loyiha faqat o‘tmishni asrab-avaylash bilan cheklanmaydi, balki keng ko‘lamli tendensiya – Markaziy Osiyoning jahon intellektual tarixidagi o‘rnini qayta anglashga intilishini aks ettiradi. Zero, bugun Ibn Sino kabi siymolar merosi tiklanib, dolzarbligi nuqtai nazaridan yanada ochiq, uyg‘unlashgan va xalqaro hamkorlikka yo‘naltirilgan yangi kun tartibi shakllantirilmoqda. Tashabbus tarqoq qo‘lyozmalarni birlashtirib, raqamli davrda Ibn Sinoni global ilmiy muloqot markaziga qaytarish imkonini beradi.
Umuman, turli mamlakatlardagi yirik kutubxonalarda saqlanayotgan Ibn Sino asarlari insoniyat taraqqiyoti uchun muhim manba sifatida e’tirof etiladi. Mazkur meros nafaqat tarixiy ahamiyatga ega, balki zamonaviy ilm-fan uchun ham muhim ilhom manbaidir.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur yirik loyiha samarali amalga oshirilsa, Ibn Sino asarlarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan nusxalari aks etgan yagona ilmiy ma’lumot bazasi yaratiladi. Olimlarimizning jahon ilm-fani taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini xorijda targ‘ib etish, qo‘lyozmalar tarixi va tarqalishini tahlil qiluvchi tadqiqot materiallari, maqolalar tayyorlashga zamin tayyorlanadi. Qolaversa, Markaziy Osiyo ilmiy merosi xalqaro miqyosda tarqaladi, yosh tadqiqotchi va talabalar uchun ochiq ilmiy resurs yaratiladi. Eng muhimi, boy ilmiy merosimizni zamonaviy raqamli texnologiya va xalqaro ilmiy hamkorlik orqali yanada keng o‘rganish, jahon ilm-fani va ta’lim tizimiga keng tatbiq etish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Buyuk bobokalonimiz, daho olim Abu Ali Ibn Sino yaratgan boy ilmiy merosning ayrim asl nusxalari bilan quyidagi havolalar orqali tanishish mumkin:
https://catalog.princeton.edu/catalog/99129114192106421
https://www.loc.gov/search/?fa=contributor:avicenna,+980
https://archive.org/details/ljs446/mode/2up
Go‘zal Sattorova, O‘zA