AQSH–Eron sulhi uzaytirildi, NATO va Rossiya o‘rtasida keskinlik, AQSHda yirik o‘g‘rilik va olimlar taqdiri savol ostida (+video)
Putin Rossiyada barcha «front uchun» ishlashi kerakligini aytdi
Dunyo siyosiy maydonida keskinlik saqlanib qolmoqda. Donald Tramp AQSH va Eron o‘rtasidagi sulh muddati yana uzaytirilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, 8-aprel kuni erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi muddati tugashi arafasida sulh Pokiston iltimosiga ko‘ra davom ettirilgan. Bu qaror Shahboz Sharif va Asim Munir murojaatlari asosida qabul qilingan. Tramp, shuningdek, Hurmuz bo‘g‘ozida blokadani saqlab turish va harbiy shaylikni davom ettirish topshirilganini bildirgan. Tehron esa muzokaralarning navbatdagi bosqichida ishtirok etishdan bosh tortgan.
Shu bilan birga, NATO va Rossiya o‘rtasida ham keskinlik kuzatildi. NATO samolyotlari Boltiq dengizi ustida parvoz qilgan Rossiya harbiy aviatsiyasini tutib qolgan. Fransiya qo‘mondonligi ma’lum qilishicha, operatsiyada Rafale qiruvchilari Shvetsiya, Finlyandiya, Polsha, Daniya va Ruminiya aviatsiyasi bilan hamkorlikda ishtirok etgan. Rossiya tomoni esa bu parvozlar rejali mashg‘ulot bo‘lganini ta’kidlagan.
Vladimir Putin esa Ukrainadagi urush fonida butun jamiyat «front uchun» ishlashi zarurligini bildirdi. U Moskvadagi chiqishida bu holatni Ikkinchi jahon urushi davri bilan qiyoslab, nafaqat harbiy sanoat, balki aholining barcha qatlamlari frontni qo‘llab-quvvatlashi kerakligini aytdi. Shu bilan birga, so‘rovlarga ko‘ra, Rossiyada tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlovchilar soni oshib bormoqda.
AQSHda esa jinoyatchilik bilan bog‘liq yirik voqea qayd etildi. Filadelfiya shahrida ikki nafar qurollangan shaxs zirhlangan inkassator mashinasiga hujum qilib, 1,8 million dollarni o‘g‘irlab ketgan. Hodisa vaqtida hech kim jarohat olmagan. Tergov ishlarini Federal qidiruv byurosi olib bormoqda, gumonlanuvchilarni qidirish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiya boshlangan.
Yana bir shov-shuvli holat — AQSHda 11 nafar olimning o‘limi va bedarak yo‘qolishi tekshirilmoqda. AQSH Kongressi a’zolari NASA, Pentagon va boshqa idoralarga rasmiy so‘rov yuborib, ushbu holatlar yuzasidan izoh talab qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yildan buyon yadro fizikasi va kosmik tadqiqotlar bilan shug‘ullangan kamida 11 mutaxassis halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-6P8ZgCM4Vc" title="AQSh–Eron sulhi uzaytirildi, NATO va Rossiya o`rtasida keskinlik, AQShda yirik o`g`rilik " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nozimbek Mardonov, Salim Obidjonov O‘zA