I chorakda banklardagi muammoli kreditlar 1,8 trillion so‘mga oshdi
2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston bank tizimida kreditlash hajmi sezilarli darajada o‘sdi. Jumladan, umumiy kredit portfeli 19,3 trillion so‘mga ko‘payib, 623,3 trillion so‘mdan oshdi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur davrda banklar faoliyatida kredit ajratish hajmining oshishi kuzatildi. Ayniqsa, davlat banklari hissasi katta bo‘lib, ularning umumiy kredit portfeli 11,1 trillion so‘mga o‘sdi.
Xususan, Agrobank (+5,44 trln so‘m), O‘zmilliybank (+2,64 trln so‘m), Xalq banki (+1,95 trln so‘m), Aloqabank (+1,89 trln so‘m) kabi yirik moliyaviy muassasalarda kredit qo‘yilmalari sezilarli ko‘paygan. Shu bilan birga, ayrim banklarda, jumladan, O‘zsanoatqurilishbank (-1,63 trln so‘m) va Asakabank (-723 mlrd so‘m)da kredit portfeli qisqargani qayd etildi.
Nodavlat banklar orasida ham faol o‘sish kuzatilib, Hamkorbank (+2,82 trln so‘m), Hayot Bank (+1,03 trln so‘m) va Kapitalbank (+1,17 trln so‘m) yuqori ko‘rsatkichlarni namoyon etgan. Biroq TBC Bank (-1,36 trln so‘m) va Orient Finans bank (-1,36 trln so‘m)da kreditlar hajmi kamaygan.
Shu bilan birga, muammoli kreditlar (NPL) hajmi ham oshgan. Xususan, birinchi chorak davomida ular 1,8 trillion so‘mga ko‘payib, jami qariyb 19,9 trillion so‘mni tashkil etdi. O‘sish asosan davlat banklari hisobiga to‘g‘ri kelib, ularda muammoli kreditlar 1,46 trillion so‘mga oshgan.
Davlat banklari orasida O‘zsanoatqurilishbank (+704 mlrd so‘m), Aloqabank (+232 mlrd so‘m), Asakabank (+203 mlrd so‘m), Agrobank (+105 mlrd so‘m) va O‘zmilliybank (+100 mlrd so‘m)da muammoli kreditlar ko‘paygan. Faqatgina Biznesni rivojlantirish bankida ushbu ko‘rsatkich biroz kamaygan (-15 mlrd so‘m).
Nodavlat banklardan esa Ipoteka bankda (-316 mlrd so‘m) muammoli kreditlar kamaygan bo‘lsa, ANOR BANK (+126 mlrd so‘m) va Garant bank (+107 mlrd so‘m)da aksincha o‘sish kuzatilgan.
Shu bilan birga, kredit portfelining umumiy o‘sishi hisobiga muammoli kreditlarning ulushi 3,19 foizdan 2,99 foizgacha pasaygan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA