"Huquqiy zakovat": bilimdonlar g‘olib bo‘ldi
Sirdaryo viloyati Sport boshqarmasi va tizim tashkilotlari xodimlari o‘rtasida huquqiy bilim va mantiqiy tafakkurni sinashga qaratilgan "Huquqiy zakovat" intellektual o‘yini o‘tkazildi.
Viloyat Yoshlar markazida tashkil etilgan musobaqada tuman (shahar) hamda ixtisoslashtirilgan sport maktablari xodimlaridan shakllantirilgan 14 ta jamoa ishtirok etdi. Ishtirokchilar huquq, qonunchilik va mantiqqa oid savollarga javob berish barobarida tezkor fikrlash va jamoaviy qaror qabul qilish qobiliyatini namoyon etdi.

Bahslar davomida ishtirokchilarga turli murakkablikdagi huquqiy va mantiqiy savollar berildi. Savollarga aniq va tezkor javob topish uchun jamoalar o‘zaro fikr almashib, har bir topshiriq ustida hamjihatlikda ishladi.


Yakuniy natijalarga ko‘ra, Sirdaryo tumani sport maktabi jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Sayxunobod tumani sport maktabi jamoasi ikkinchi, Yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi jamoasi esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.


Intellektual o‘yin yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilarning diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri