Farmatsevtika sanoatining istiqbollari muhokama qilindi
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida «Pharma Uzbekistan & Central Asia» 5-yubiley xalqaro kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa davlatlardan 150 dan ortiq farmatsevtika va tibbiyot sohasi vakillari, ishlab chiqaruvchilar, regulyator organlar, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamda investorlar ishtirok etdi.
Kongressda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov farmatsevtika sanoatini rivojlantirishda mahsulot sifati va xavfsizligini ta’minlash, xalqaro standartlarni joriy etish hamda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish masalalariga alohida to‘xtaldi.
– Bugungi kunda farmatsevtika sohasi jadal transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda, – dedi Alisher Temirov. – Mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalar va raqamli yechimlarni joriy etish sanoatning yangi bosqichga chiqishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, har qanday yangi ishlab chiqarish loyihasining markazida, avvalo, inson salomatligi va bemor xavfsizligi turishi lozim. Shu nuqtai nazardan, dori vositalarining sifati, xavfsizligi va samaradorligini ta’minlash farmatsevtika sohasining barqaror rivojlanishidagi asosiy omillardan biridir.

Tadbir davomida O‘zbekistonda farmatsevtika sohasini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ham fikr almashildi. Xususan, dori vositalari muomalasi sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, ishlab chiqarishdan tortib realizatsiyagacha bo‘lgan barcha bosqichlarda nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, farmakonazorat va postregistratsion nazorat tizimlarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida farmatsevtika sanoatining raqobatbardoshligini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mintaqada zamonaviy hamda xavfsiz farmatsevtika ishlab chiqarish tizimini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishning muhimligi qayd etildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA