Hunaridan baxt topgan ayol (video)
Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi G‘afur G‘ulom mahallasida ixchamgina tikuv sexi bor. Biz mazkur sexga kirganimizda boshiga qizil ro‘mol o‘ragan ayol o‘rnidan turdi. Yuzida muloyim tabassum paydo bo‘ldi.
— Mohira Yo‘ldosheva, — dedi tuman hokimi o‘rinbosari Nigora Omonova biz bilan uni tanishtirarkan. — “Ayollar daftari”dan chiqib, bugun o‘zi boshqalarga ish berayotgan ayollarimizdan biri.

Mohira Yuldasheva bir vaqtlar yordamga muhtoj ayollar safida edi. Hayot tashvishlari, ro‘zg‘or yuki, farzand tarbiyasi… Qishloq ayoli uchun tanish bo‘lgan bu sinovlar uni ham chetlab o‘tmagan. Ammo u qiyinchiliklardan aslo yengilmadi. Mehnatga o‘zini urdi.
Igna, ip, mashina va harakat — uning taqdirini butunlay o‘zgartirib yubordi.
1988-yilda Zomin tumanida tug‘ilgan Mohiraning bolaligi oddiy oilada kechdi. Orzulari ham oddiy edi: tinch ro‘zg‘or, baxtli oila, farzandlar kamoli. 2013-yilda kelin bo‘lib tushgach, hayotning mas’uliyatini yanada chuqurroq his qildi. Ammo uning qalbida bir o‘jar tuyg‘u bor edi — “Men faqat o‘zim uchun yashamasligim kerak!”.
U tikuvchilikni kasb emas, najot deb bildi.

“Zarina pardalari” va “Iffatli kelin” o‘quv markazlarida o‘z malakasini oshirdi.
— Men bir narsani yaxshi tushundim, — deydi Mohira biz bilan suhbat asnosida. — Ayol kishi birovga qaram bo‘lib qolmasligi uchun uning qo‘lida hunari bo‘lishi shart. Hunar ayolga nafaqat daromad, balki qadr beradi. Shuning uchun oldimga ish so‘rab kelgan har bir ayolga avval: “Siz kuchlisiz” deyman.

Mohira bu gaplarni balandparvozlik uchun aytmaydi. Bu — uning hayotdan chiqargan xulosasi.
— Mohiraning yutug‘i faqat tadbirkor bo‘lganida emas, — deydi mahalla xotin-qizlar faoli Gulsunoy Omonova. — U o‘z ishchilarining ko‘nglini ko‘tarib, ularga umid va ishonch bera oladi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarning haqiqiy qiyofasi Mohiraga o‘xshagan tinib-tinchimas, ilg‘or ayollarimiz timsolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/6e6Gb5GdBDY?si=ztA_JQ7vjqbfIg2n" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abdujalol Qayumov (video+surat), O‘zA muxbiri