Hujjatlarni ijro etish tizimi takomillashtirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-noyabr kungi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Majburiy ijro byurosi hududiy boshqarmalarida Byuroning tumanlararo bo‘limlari tashkil etilgan bo‘lib, ular ijro hujjatlarini ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibida ijro etadilar.
Ijro hujjatlarini soddalashtirilgan tartibida ijro etishning o‘ziga xos xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 431 va 432-moddalarida qayd etilganidek, ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibida majburiy ijro etish undiruv qarzdorning mol-mulkiga (bundan pul mablag‘lari mustasno) qaratilmagan hamda qarzdorga nisbatan javobgarlik choralari qo‘llanilmagan holda amalga oshiriladi.
Xususan, davlat ijrochisi tomonidan qarorlar qabul qilinmaydi, undiruv qarzdorning yashash joyiga yoki mol-mulki turgan joyga bormagan holda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash yo‘li bilan masofadan turib amalga oshiriladi. Ya’ni, davlat ijrochisi ijro hujjati kelib tushgan paytdan e’tiboran bir ish kuni ichida qarzdorga ijro hujjatidagi talablarini besh kunlik muddat ichida bajarishi lozimligi to‘g‘risida elektron xabarnoma yuboradi.
Qarzdor ijro hujjatining talablarini uzrli sabablarsiz ixtiyoriy tartibda bajarmagan taqdirda, davlat ijrochisi tomonidan undiruv: undiruvni qarzdor jismoniy shaxsning banklardagi hisob varaqlarida turgan pul mablag‘lariga; mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi summani undirish haqidagi ijro hujjatlari bo‘yicha undiruvni qarzdor jismoniy shaxsning ish haqiga, stipendiyasiga, nafaqasiga va boshqa turlardagi daromadlariga qaratiladi hamda qarzdordan belgilangan tartibda ijro yig‘imi undiriladi.
Ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibida qo‘llaniladigan majburiy ijro etish choralari natijasiz bo‘lgan taqdirda ijro hujjati Byuroning hududiy bo‘limiga yo‘naltiriladi. Mazkur tartib qarzdor jismoniy shaxslardan ma’muriy jarimalarni, soliq qarzini va davlat bojini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlariga, shuningdek, pochta xarajatlarini undirish to‘g‘risidagi sud hujjatlariga nisbatan tatbiq etiladi.
– O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 20-aprel kungi Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 431 va 432-moddalariga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra ijro ishini soddalashtirilgan tartibda ijro etish mumkin bo‘lgan ijro hujjatlari turlari kengaytirildi, – deydi Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi Tumanlararo bo‘limi boshlig‘i Aqilbek Xakimov. – Xususan, ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi endilikda qarzdor jismoniy shaxslardan ma’muriy jarimalarni, soliq qarzini, davlat bojini, pochta va (yoki) video-konferens-aloqa xarajatlarini undirishdan boshqa, kommunal xizmatlar to‘lovi yuzasidan qarzdorlikni, ko‘p xonadonli uylar mulkdorlarining majburiy badallarini yoki to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi summani undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlariga nisbatan ham tatbiq etiladi. Bundan jarima tariqasidagi jinoiy jazoni ijro etish to‘g‘risidagi va darhol ijro etilishi lozim bo‘lgan ijro hujjatlari mustasno.
Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi Tumanlararo bo‘limi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ijro harakatlari natijasida jami 16,8 milliard so‘mlik 32 ming 363 ta ijro hujjati ijrosi ta’minlangan bo‘lib, amalda 13,7 milliard so‘m undirildi.
Hozirda bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA