Hududlarda 14 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi qurilmoqda
Hozirgi kunda chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, sanitar holatni yaxshilash hamda atrof-muhit muhofazasini kuchaytirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish orqali chiqindilarni samarali yig‘ish va qayta ishlash tizimini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumki, mavjud qonunchilikka asosan, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, chiqindi poligonlarini tartibga keltirish, rekultivatsiya qilish hamda chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini tashkil etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.
Kelgusida hududlarda jami 14 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyasini barpo etish rejalashtirilgan.
Jumladan, Andijon, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida 2 tadan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo hamda Xorazm viloyatlarida 1 tadan stansiya qurilishi ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda mazkur ob’ektlarni qurish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Xususan, Andijon, Namangan, Farg‘ona hamda Surxondaryo viloyatlarida qurilish ishlari deyarli yakunlanib, yakuniy bosqich ishlari olib borilmoqda.
Qayd etish lozimki, chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi — bu sanitar tozalash korxonalari tomonidan olib kelingan maishiy chiqindilarni yig‘ish va qayta yuklashga mo‘ljallangan zamonaviy infratuzilma ob’ektlaridir. Ushbu stansiyalarda chiqindilar maxsus uskunalar yordamida zichlanib, yirik sig‘imli konteynerlarga joylanadi hamda qayta ishlash yoki utilizatsiya (chiqindi yoqish) zavodlariga yuboriladi.
Mazkur tizimni joriy etish orqali sanitariya tozalash korxonalarining transport xarajatlari kamayadi, chiqindi poligonlariga tushadigan yuklama qisqaradi.
Bundan tashqari chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish samaradorligi oshadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA