“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mas’ullari va mutaxassislari hududlardagi muammolarni manzilli hal etmoqda
Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining kelgusidagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida energetika tizimidagi mavjud muammolarni tizimli hal etish, elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash, tarmoqlarni modernizatsiya qilish hamda iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan hududlarda elektr ta’minoti holatini yaxshilash, mavjud muammolarni manzilli bartaraf etish, tarmoqlarning texnik holatini o‘rganish hamda zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, hududlardagi mavjud holat va kelgusidagi vazifalar haqida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati rahbari Faxriddin Nuraliyev O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

– Elektr ta’minoti tizimining barqaror ishlashini ta’minlash, tarmoqlarning texnik holatini yaxshilash va iste’molchilarga sifatli elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida hududlarda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, – dedi F.Nuraliyev. – Bu borada elektr tarmoqlarini yangilash, infratuzilmani modernizatsiya qilish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda aholi murojaatlarini tezkor hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda elektr va gaz ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish hamda mavjud muammolarni tizimli bartaraf etish uchun 15 ta hududda maxsus shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur shtablarga energetika tizimi tashkilotlari rahbarlari biriktirilib, joylarda infratuzilmani rivojlantirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va elektr tarmoqlaridagi texnik yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbarlari ishtirokida hududlarda elektr ta’minoti holati o‘rganilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha manzilli choralar belgilanmoqda.

Mazkur ishlar doirasida joylardagi maxsus shtablar tomonidan manzilli o‘rganishlar ham olib borilmoqda. Jumladan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ raisi Sardor Isaqulov rahbarligida Urgut tumanida faoliyat yuritayotgan maxsus shtab tomonidan hududdagi elektr ta’minoti holati o‘rganildi. Tumanning O‘rtaguzar, Murodqishloq hamda Tinchlik mahallalaridagi transformator punktlarida amalga oshirilayotgan ta’mirlash va tarmoqlarni yangilash ishlari joyiga chiqqan holda ko‘zdan kechirildi. Mazkur jarayonda qurilish-ta’mirlash ishlarini sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlash, elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Elektr infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasida yirik investitsiya loyihalari ham izchil amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, Sirdaryo viloyatining Sayxunobod, Boyovut va Mirzaobod tumanlarida umumiy uzunligi 75 kilometr bo‘lgan 35-110 kV elektr uzatish tarmoqlari hamda ikkita 110 kVli podstansiya qurilishi belgilangan. Mazkur vazifalar ijrosi doirasida “Hududiy qurilish-montaj direksiyasi” filiali tomonidan Sayxunobod tumanidagi kichik sanoat zonasigacha bo‘lgan 110 kVli elektr uzatish tarmog‘ini qurish ishlari to‘liq yakunlandi. Ayni paytda tarmoqda sim tortish ishlarining so‘nggi bosqichlari amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, og‘ir mehnat sharoitlari va anomal issiq havoga qaramasdan, Boyovut va Mirzaobod tumanlarida 110 kVli elektr uzatish tarmoqlarini qurish ishlari ham jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Yangi ob’ektlarni barpo etish bilan bir qatorda, mavjud elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlari ham izchil davom ettirilyapti. Xususan, Namangan viloyati Davlatobod tumanida energetika infratuzilmasini yanada rivojlantirish va elektr ta’minoti sifatini oshirishga qaratilgan kompleks ishlar amalga oshirilmoqda. Hududda transformator punktlari, elektr uzatish tarmoqlari va boshqa energetika ob’ektlarida keng ko‘lamli ta’mirlash hamda yangilash ishlari olib borilmoqda.
Mazkur tadbirlar iste’molchilarni barqaror va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash, tarmoqlarning ishonchliligi hamda samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Aholi murojaatlarini o‘rganish, muammolarni joyida aniqlash va ularni tezkor bartaraf etish ham ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda hududlarda ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Jumladan, Urganch tumanida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining elektr tarmoqlaridan foydalanish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Bobur Islomov boshchiligida ishchi guruh faoliyat yuritmoqda. Ishchi guruh tomonidan elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish, qizil toifadagi transformator punktlarini ta’mirlash, elektr tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash hamda aholi murojaatlarini joyiga chiqqan holda o‘rganish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu boradagi amaliy ishlardan biri sifatida Urganch tumanining Qiyot mahallasi aholisi tomonidan elektr energiyasi kuchlanishining me’yoridan pastligi yuzasidan bildirilgan murojaat o‘rganildi. Tekshiruvlar davomida mahallani elektr energiyasi bilan ta’minlab kelayotgan quvvati 160 kVA bo‘lgan 5406-sonli transformator punktining yuklamasi belgilangan me’yordan oshib ketgani aniqlandi.
Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida mahallada qo‘shimcha transformator punkti qurish, mavjud elektr tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va yangilash bo‘yicha aniq choralar belgilab olindi.
Muxtasar aytganda, amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar elektr ta’minoti tizimining ishonchliligini yanada oshirish, iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yuksaltirish hamda hududlarda barqaror elektr ta’minotini yaxshilashga keng imkoniyat yaratadi.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.