Hokim daraxt ekish aksiyasida ishtirok etdi
Yakkasaroy tumanida shaharni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari yangi bosqichga chiqmoqda. Tuman hokimi boshchiligida Shota Rustaveli ko‘chasida boshlangan o‘zgarishlar hududga qanday yangi qiyofa bag‘ishlaydi?
Yakkasaroy tumanida atrof-muhitni muhofaza qilish, shaharni yanada ko‘kalamzor va obod maskanga aylantirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Tuman hokimi Nilufar Allabergenova tumandagi Shota Rustaveli ko‘chasi hududida ko‘kalamzorlashtirish tadbirida ishtirok etdi.
Mazkur amaliy tadbir mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha doirasida tuman hududlarida ko‘plab manzarali va soya-salqin daraxtlar ekilib, shahar muhitini yanada yashil va sof holga keltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘rganish davomida ko‘chadagi sanitariya-tozalash ishlari, piyodalar yo‘laklarini tartibga keltirish, yashil hududlarni parvarishlash hamda hududning umumiy estetik qiyofasini yanada yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, Shota Rustaveli ko‘chasining ko‘rkamligini yanada oshirish maqsadida hududga iqlim sharoitiga mos, chidamli va uzoq muddat o‘z jozibasini saqlaydigan gullar ekish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Hokim mutasaddilarga obodonlashtirish ishlarini sifatli tashkil etish, yashil hududlarni ko‘paytirish hamda ko‘chada aholiga qulay, ozoda va chiroyli muhit yaratish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
Sherbek Islomov,
O‘zA