Hindistondan yuborilgan 1,8 kg. kuchli ta’sir qiluvchi modda to‘xtatib qolindi
“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tarkibidagi “Elektron tijorat” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida Hindistondan poytaxtimiz Toshkent shahrining Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro nomiga yuborilgan pochta jo‘natmasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjudligi aniqlandi.
Hujjatlarga ko‘ra, jo‘natmada sog‘lomlashtiruvchi biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) jo‘natilgani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, bojxona nazorati davomida uning asl mazmuni fosh etildi. Jo‘natma ichidagi 400 ta kanvalyutada jami 6000 dona kapsula “pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Markaziy bojxona laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, mazkur kapsulalar tarkibidagi pregabalinning umumiy miqdori 1,8 kilogrammni tashkil etgan.
Ma’lumot uchun, amaldagi qonunchilikka muvofiq, pregabalin moddasining 10 grammi ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Tezkor tadbirlar davomida mazkur jo‘natmani qabul qilib olayotgan shaxs ham bojxona xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil davomida respublika bojxona organlari tomonidan 140 kilogrammga yaqin psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy olib kirilishi va ichki aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu shunchaki statistika emas — bu minglab yoshlarning hayoti, sog‘ligi va kelajagi bilan bog‘liq xavfli holatlardir.
Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar inson organizmini zaharlab, uning ongi, salomatligi va taqdiriga jiddiy zarar yetkazadi. Ularning tarqalishi esa jinoyatchilik va ijtimoiy muammolarning ortishiga sabab bo‘ladi. Bojxonada to‘xtatib qolingan har bir gramm modda — bu kimningdir farzandi, oilasi va kelajagini katta xavfdan asrab qolinganini anglatadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA