Hindistonda “Starlink” faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
Hindiston hukumati Ilon Maskning “Starlink” sun’iy yo‘ldosh internet tarmog‘iga mamlakatda tijoriy faoliyat boshlash uchun zarur bo‘lgan yakuniy ruxsatnomalarni berishni vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi.
“Bloomberg” yozishicha, bunga Yaqin Sharqda Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyatlar paytida ushbu terminallardan foydalanilgani haqidagi xavotirlar sabab bo‘lgan. Hindiston Ichki ishlar vazirligi qoshidagi xavfsizlik xizmatlari Eronda rasmiy litsenziya bo‘lmagani holda “Starlink” uskunalaridan foydalanilgani haqidagi ma’lumotlardan so‘ng yakuniy ruxsatnomalarni berishni kechiktirmoqda.
Ushbu vaziyat nafaqat “Starlink”, balki Hindiston bozoriga kirmoqchi bo‘lgan boshqa sun’iy yo‘ldosh aloqa operatorlari uchun ham radiochastotalarni taqsimlash mexanizmini tasdiqlashni qiyinlashtirib qo‘ydi.
Dehli rasmiylari xalqaro inqirozlar hamda geosiyosiy qarama-qarshiliklar davrida mamlakat qonunchiligi va talablariga to‘liq rioya qilinishiga oid qat’iy kafolatlarni talab qilmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA