Tramp: NATO sammitiga Erdog‘anga bo‘lgan hurmatim uchun boraman (+video)
AQSH prezidenti Donald Tramp Anqarada bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida ishtirok etishini va bu qarorni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anga bo‘lgan hurmati bilan izohladi, deb xabar qildi Anadolu agentligi
Bu haqda Tramp NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan Oq uyda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Tramp Turkiyaning Eron bilan mojaroga aralashmaganidan mamnun ekanini bildirib, Erdog‘an haqida iliq fikrlar aytdi.
«Erdog‘an ajoyib rahbar, kuchli shaxs. Uning kuchli armiyasi bor. U Turkiyani yaxshi ko‘radi va mamlakat uchun yaxshi ish qilmoqda. U mening do‘stim va hurmatga sazovor yetakchi», — dedi Tramp.
CNN muxbirining Turkiyaga F-35 qiruvchi samolyotlari va aviatsiya dvigatellari yetkazib berish bo‘yicha ijobiy yangiliklar bilan kelasizmi, degan savoliga Tramp bu ehtimolni inkor etmadi.
«Turkiya NATOning kuchli a’zosi. Balki Erdog‘anni xursand qiladigan qaror qabul qilarman», — degan AQSH rahbari.
Shuningdek, Tramp Turkiyaning mudofaa sanoati salohiyatini ham yuqori baholadi.
Uning ta’kidlashicha, Turkiyada NATO davlatlari, jumladan AQSH bilan hamkorlik qilayotgan 3 mingga yaqin mudofaa kompaniyalari faoliyat yuritadi.
«Ko‘pchilik Turkiyaning harbiy jihatdan qanchalik kuchli ekanini to‘liq anglamaydi. Erdog‘an davrida mamlakat juda kuchli armiyaga ega bo‘ldi», — dedi Tramp.
<iframe width="455" height="815" src="https://www.youtube.com/embed/Q1um9m7aaWU" title="Tramp: NATO sammitiga Erdog‘anga bo‘lgan hurmatim uchun boraman" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA