Yangiyerda aholi uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda
Yangiyer shahridagi yangi, Mustaqillikning 35 yilligi mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari aholi hayotida o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Hududda yangi istirohat bog‘i, kasb-hunar va IT markazi, ko‘p tarmoqli poliklinika barpo etilmoqda. Qurilayotgan trikotaj fabrikasi ishga tushgach, 120 nafar xotin-qizning doimiy ish bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov mazkur mahallada bo‘lib, loyihalar bilan tanishdi va aholi vakillari bilan muloqot qildi. Uchrashuvda fuqarolarning muammo va takliflari tinglanib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi. Hududni obodonlashtirish, yashil maydonlarni kengaytirish, bandlikni ta’minlash va ijtimoiy ob’ektlardagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Mahallada barpo etilayotgan istirohat bog‘i oilalar va bolalarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun xizmat qiladi. Yashil hududlar bilan uyg‘unlashtirilayotgan maskanda sayr qilish va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun qulay sharoit yaratiladi.

Tashrif davomida rekonstruksiya qilinayotgan 12-umumta’lim maktabi va 7-maktabgacha ta’lim tashkilotidagi ishlar ham ko‘zdan kechirildi. 12-maktab hududida barpo etilayotgan kasb-hunarga o‘rgatish va IT markazlarida yoshlarga zamonaviy bilim hamda amaliy ko‘nikmalar berish ko‘zda tutilgan. Bu yerda raqamli texnologiyalar va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha ta’lim olishga keng yo‘l ochiladi.

Viloyat rahbari yoshlarni «Ikki til va bir kasb» tamoyili asosida o‘qitish muhimligini ta’kidlab, ta’limni amaliy ko‘nikmalar va mehnat bozori talablari bilan uyg‘unlashtirish zarurligini qayd etdi.

— Viloyat hokimining obodonlashtirish, yashil hududlarni kengaytirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, yoshlarni kasb-hunar va zamonaviy bilimlarga o‘rgatish bo‘yicha bildirgan fikr va takliflari biz uchun muhim vazifa bo‘ldi. Bu borada ayrim kamchiliklar bor. Ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq yo‘l xaritalari ishlab chiqilib, ishlar izchil davom ettirilmoqda. Asosiy maqsadimiz — yaratilgan sharoit va o‘zgarishlarni aholi hayotida yaqqol namoyon etish, — dedi Yangiyer shahar hokimi Otabek Nosirov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri