“Hayot saboqlari” kitobining taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiyot va ma’rifat ahlini birlashtirgan yana bir adabiy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Uyushma a’zosi, publitsist, Respublika Qozoq milliy madaniy markazi raisi Serikboy Usenovning “Hayot saboqlari” nomli yangi kitobi taqdimoti ijodkorlar, olimlar, madaniyat namoyandalari va keng kitobxonlar jamoatchiligini bir davraga jamladi.
“Hayot saboqlari” umr yo‘lida orttirilgan tajriba, hayot haqiqati va inson qadri haqida mushohadaga chorlaydigan asardir. Unda zamondoshlar taqdiri, mehnatning sharafi, millatga muhabbat, Vatanga sadoqat va insonparvarlik g‘oyalari hayotiy misollar orqali yoritilgan.
Tadbirda har bir kitob millat ma’naviyatiga qo‘shilgan hissa ekani, xalqning qalbi va xotirasini boyitadigan asarlar esa vaqt sinovidan o‘tib, ma’naviy xazinaga aylanishi ta’kidlandi. Shu ma’noda Serikboy Usenovning yangi kitobi hayotni anglashga, inson taqdiri haqida mushohada qilishga undaydigan ahamiyatli nashr ekanini alohida e’tirof etildi.
[gallery-30532]
Taqdimot davomida ustoz yozuvchilar, milliy madaniyat markazi vakillari yangi kitobning mazmun-mohiyati, publitsistik qimmati va muallifning ijodiy fazilatlari haqida samimiy fikr-mulohazalarini bayon etdi. Notiqlar asarda hayotning turli sinovlari, insonning ma’naviy kamoloti va ezgulikka intilishi haqqoniy aks etganini ta’kidladi.
Anjumanning badiiy qismida qozoq milliy kuy-qo‘shiqlari yangradi.
Taqdimot yakunida so‘z olgan muallif Serikboy Usenov kitobning yaratilish tarixi haqida to‘xtalib, undagi har bir maqola va mulohaza hayotning o‘zi bergan saboqlar, insonlar taqdiri va zamon voqeliklari bilan sug‘orilganini ta’kidladi. U kitobni dunyoga keltirish jarayonida ko‘mak bergan ijodkorlar, hamkasblar va tadbir ishtirokchilariga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Mazkur taqdimot xalqlarimiz adabiy-madaniy aloqalarini yana-da mustahkamlagan, ma’naviyat va ma’rifatni ulug‘lagan anjuman sifatida yodda qoldi. Zero, yaxshi kitob insonni hayot haqida chuqurroq o‘ylashga, ezgulikni qadrlashga, kechagidan saboq chiqarib, ertangi kunga ishonch bilan qarashga chorlaydi.
N.Usmonova,
O.Pardayev (suratlar),
O‘zA muxbirlari