Har bir oilaga individual yondashuv
Mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimining muhim bo‘g‘iniga aylanmoqda. Ular ehtiyojmand oilalarga zarur xizmat va yordamlarni manzilli yetkazish orqali inson qadrini ulug‘lashga xizmat qilmoqda.
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi Qahramon mahallasida faoliyat olib borayotgan ijtimoiy xodim Sayhot Janiyeva ana shunday fidoyi mutaxassislardan biri hisoblanadi. U qariyb ikki yil davomida mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan ishlab kelmoqda.


Uning faoliyati davomida ko‘rib chiqilgan 123 ta keysning 69 tasi ijobiy hal etildi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlarining qo‘shimcha ta’lim olishi va bandligini ta’minlash maqsadida 4 ta “kichik loyiha” amalga oshirildi.


Olib borilayotgan ishlar natijasida ehtiyojmand oilalar davlat e’tibori va g‘amxo‘rligini his etmoqda.
Jumladan, Imona Normamatova avval uyda ta’lim olar edi. Ijtimoiy xodim ko‘magida u tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, umumta’lim maktabining inklyuziv sinfiga jalb qilindi. Hozirda Imona tengdoshlari bilan birga ta’lim olmoqda.


Shuningdek, turmush o‘rtog‘idan ayrilgan Norfiya Bekmurzayeva yashab kelgan uyning ahvoli og‘ir edi. Mahalladagi ijtimoiy xodim va saxovatpesha insonlar tashabbusi bilan uning xonadoni yangidan qurib berildi.
Ta’kidlanganidek, bu kabi manzilli ishlar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farovonligini ta’minlash, ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri