Bemor bolajonlar uchun bepul jarrohlik amaliyotlari
Prezident qarori – amalda
Ijtimoiy davlat sifatida Konstitutsiya bilan mustahkamlangan Yangi O‘zbekistonda hech kim mehr va e’tibordan chetda emas. Bu Prezidentimizning 2026-yil 21-maydagi "Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlarda o‘z ifodasini topmoqda.

Bu borada Namangan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ham keng qamrovli sa’y-harakatlarga kirishildi. Bunda eng avvalo, bolajonlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Bunda kam ta’minlangan oilalarning bemor bolalari kasalliklariga qarab saralab olinmoqda.

Hayit bayrami arafasida shifoxonaga yotqizilgan kichik bemorlar yaqinlariga markaz bosh shifokori Hoshimjon Saitqulov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi mas’ullari ishtirokida “Vaqf” xayriya jamoat fondining vaucherlari taqdim qilindi.
—Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda yashayotganimdan behad minnatdorman. Betob sakkiz yashar o‘g‘limga bepul davolanish uchun vaucher topshirishdi. Endi farzandimni sog‘lomlashtirish uchun moliyaviy asosga ega bo‘ldik,— deydi xastaholning onasi Osiyoxon Rustamova.

Namangan tumanidan kelgan ikki bemorning yaqinlariga ham xuddi shunday hujjat tantanali ravishda taqdim etildi. Ma’lum bo‘lishicha, ulardan biri Ibrohim Nosimjonov bolaligida ehtiyotsizlik oqibatida kuyish jarohatini olgan edi. Ulug‘ saodatli kunlarda bu bemorda plastik jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun mablag‘ ajratildi.
Markazning tajribali va malakali jarrohlari tomonidan jarrohlik stoliga yotqizilgan uchala bemorda murakkab amaliyotlar yuqori darajada uddalandi.

Mazkur jarayonlar Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialida ham yuqori saviyada tashkil etildi.
Kosonsoy tumani Chindovul mahallasida istiqomat qilduvchi Muxtasar G‘aybullayeva bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida ro‘yxatda turadi. Qutlug‘ ayyom oldidan o‘tkazilayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi bois endi u darddan qutuladigan bo‘ldi. Mohir kardiojarrohlar – tibbiyot fanlari nomzodi Bahriddin Nuriddinov va Shavkatjon Najmiddinovlar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazishdi.

—Nabiramning dardiga shifo berish uchun g‘amxo‘rlik qilayotgan Hukumatimiz, yirik amaliyot uchun homiylik ko‘rsatayotgan “Vaqf” xayriya jamoat fondidan behad minnatdormiz. Qo‘li yengil shifokorlarimiz ham omon bo‘lishsin,—deydi bemor bolakayning buvisi Lutfiya Shahobiddinova.
Muxtasar G‘aybullayeva insonparvalik yo‘lidagi harakat bois og‘ir darddan qutilgan ilk bemor bo‘lsa, yaqin kunlar ichida yana o‘nlab insonlarda yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari olib boriladi.
Darhaqiqat, bunday ulug‘vor ishlar mamlakatimizda shukronalik, saxovat va bag‘rikenglikka yo‘g‘rilgan izchil siyosatning amaldagi ifodasidir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA