Hamkorlikning yangi imkoniyatlari
Bugungi globallashuv davrida xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, madaniy merosni asrab-avaylash va uni keng targ‘ib etish bilan bir qatorda, iqtisodiy hamkorlikning yangi qirralarini kashf qilish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, madaniyat xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirsa, o‘zaro ishonch, manfaatli hamkorlik va mushtarak maqsadlar bu yaqinlikni mustahkam poydevorga aylantiradi.
Ayni nuqtai nazardan, Buxoroda o‘tkazilayotgan “Ozarbayjon madaniyati kunlari” ikki xalqning tarixiy-madaniy yaqinligini namoyon etish barobarida, hududlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun ham muhim imkoniyat bo‘lmoqda.
Mazkur tadbirlar doirasida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Rashad Mammadov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muloqotda ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb etish hamda turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi sheriklik istiqbollari muhokama qilindi.
Buxoro va Ozarbayjonni asrlar davomida shakllangan tarixiy-madaniy mushtaraklik, boy ma’naviy meros va an’analar yaqinlashtirib keladi. Bunday ma’naviy yaqinlik bugungi kunda iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tadbirkorlar o‘rtasida ishonchli sheriklikni yo‘lga qo‘yish va yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun ham mustahkam zamin yaratadi.
Uchrashuvda Buxoro viloyatining iqtisodiy imkoniyatlari, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish yuzasidan fikr almashildi.
Darhaqiqat, Buxoro bugun faqat tarixiy obidalari va boy madaniy merosi bilan emas, balki sanoat, xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlik va turizm yo‘nalishlaridagi imkoniyatlari bilan ham e’tibor markazida. Bu salohiyatdan samarali foydalanish, uni xalqaro hamkorlik orqali yanada kengaytirish hudud iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim omildir.
Ozarbayjon bilan hamkorlikni mustahkamlash esa ikki tomon tadbirkorlari uchun yangi muloqot maydonlarini yaratish, o‘zaro manfaatli loyihalarni izlash va mavjud imkoniyatlarni amaliy natijalarga aylantirish nuqtai nazaridan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda xorijiy davlatlar bilan do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, ochiq va o‘zaro manfaatli tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, hududlarning investitsiyaviy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yondashuvning muhim jihati shundaki, xalqaro hamkorlik faqat rasmiy uchrashuvlar va diplomatik muloqotlar bilan cheklanib qolmasligi, balki hududlar iqtisodiyotiga investitsiya kiritish, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi lozim.
Buxoro viloyati rahbariyatining xorijiy hamkorlar bilan muloqotlarida ham ana shu maqsadlar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Botir Zaripov uchrashuv davomida xorijiy investorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va ikki tomonlama aloqalarni amaliy natijalar bilan boyitish muhimligini ta’kidladi.

Bu, eng avvalo, mavjud iqtisodiy imkoniyatlarni chuqur o‘rganish, istiqbolli loyihalarni aniqlash, ularni hayotga tatbiq etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda hamkorlikning uzluksizligini ta’minlashni taqozo etadi.
Buxoro va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri turizmdir. Zero, ikki xalqning boy tarixiy merosi, me’morchilik an’analari, milliy urf-odatlari va ma’naviy qadriyatlari sayyohlik aloqalarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
“Ozarbayjon madaniyati kunlari” kabi tadbirlar xalqlarning bir-biri haqidagi tasavvurlarini boyitish, madaniy merosga bo‘lgan qiziqishni oshirish va o‘zaro sayohatlar uchun rag‘bat uyg‘otishga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida turizm infratuzilmasi, mehmonxona biznesi, transport, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohalarida yangi hamkorlik loyihalari uchun imkoniyatlar eshigini ochadi. Shu ma’noda, madaniy tadbirlarni iqtisodiy hamkorlik bilan uyg‘unlashtirish muhimdir. Chunki madaniy aloqalar orqali paydo bo‘lgan qiziqishni sayyohlik oqimiga, sayyohlikni esa tadbirkorlik va investitsiya tashabbuslariga aylantirish mumkin.

Elchi Rashad Mammadov ham Buxoro viloyati bilan hamkorlikni rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va istiqbolli yo‘nalishlarda aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildirdi. Bu esa ikki tomonlama muloqotni yangi tashabbuslar bilan boyitish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, yangi tashabbuslarni amalga oshirish va hududlararo aloqalarni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar. Eng muhimi, bunday muloqotlarning samarasi erishilgan kelishuvlarning hayotdagi ifodasi bilan belgilanadi. Investitsiya loyihalarining amalga oshishi, yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi, tadbirkorlar o‘rtasida sheriklikning kengayishi, sayyohlar oqimining ortishi va madaniy almashinuvlarning muntazam tus olishi hamkorlikning aniq natijalarini namoyon etadi.
Buxoroda o‘tkazilayotgan “Ozarbayjon madaniyati kunlari” ana shunday keng qamrovli maqsadlarga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan muhim muloqot maydonidir. U xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni mustahkamlash bilan birga, iqtisodiy imkoniyatlarni birlashtirish, yangi tashabbuslarga yo‘l ochish va kelajakdagi sheriklik uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qiladi. Zero, xalqlar do‘stligi samimiy muloqotdan boshlanadi, hamkorlik esa o‘zaro ishonch va amaliy harakatlar bilan mustahkamlanadi. Buxoro va Ozarbayjon o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu — tarixiy yaqinlikni bugungi taraqqiyot imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirib, ikki tomon uchun manfaatli natijalarga erishishdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri