Bolalar onkologiyasida yangi davr
Har bir inson hayotini, ayniqsa, kichik yoshdagi bemorlar sog‘lig‘ini asrab qolish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sanaladi. Bugungi kunda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, qabul qilingan muhim strategik hujjatlar jahon standartlariga to‘la mos keladigan yangi tibbiyot makonini barpo etishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
Xalqaro sog‘liqni saqlash tashkilotining global hisobotlari va zamonaviy ilmiy tadqiqotlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dunyo miqyosida har yili yuz minglab bolalarda saraton kasalligi aniqlanayotganini ko‘ramiz. JSST statistikasiga ko‘ra, yer yuzida har yili taxminan 400 mingga yaqin noldan o‘n to‘qqiz yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarda turli onkologik kasalliklar qayd etiladi. Ular orasida eng ko‘p tarqalgan turlari leykemiya yoki qon raki, bosh miya o‘smalari, limfomalar va solid o‘smalar hisoblanadi.
Dunyo miqyosida so‘nggi o‘n yilliklarda bolalar onkologiyasi sohasida muhim yutuqlarga erishildi. Biroq rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘rsatkichlarda hamon tafovut katta: agar yuqori daromadli davlatlarda tibbiyot va fanning integratsiyalashuvi tufayli kichik yoshli bemorlarning sakson foizdan to‘qson foizgacha qismi muvaffaqiyatli davolanib, sog‘ayib ketayotgan bo‘lsa, daromadi past yoki o‘rta bo‘lgan ayrim mintaqalarda bu ko‘rsatkich atigi yigirma yoki o‘ttiz foizni tashkil etadi. Bu esa global miqyosda ilg‘or tajribalar va zamonaviy davolash protokollarini barcha hududlarga keng yoyish hayotiy zarurat ekanini ko‘rsatadi.
Mutaxassislarning fikricha, o‘tgan asrning o‘rtalarida umumiy omon qolish ko‘rsatkichi juda past bo‘lganini inobatga olsak, bugungi ilg‘or ilmiy yondashuvlar, zamonaviy ximioterapiya, yuqori texnologiyali nur terapiyasi hamda suyak ko‘migi transplantatsiyasi kabi murakkab amaliyotlar insoniyat uchun ulkan yutuqdir.
Mamlakatimizda ham ana shunday global tafovutlarni bartaraf etish, yuksak marralarga erishish va sohadagi ilg‘or xorijiy tajribalarni milliy tibbiyot amaliyotiga keng joriy etish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalar va o‘smirlarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 2025-2035-yillarga mo‘ljallangan Milliy rejaning beshinchi strategik yo‘nalishida bu boradagi muhim vazifalar qatorida xalqaro ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va yetakchi xorijiy muassasalar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish alohida belgilab qo‘yilgan.
Hujjatga muvofiq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, AQSHning dunyoga mashhur St.Jude bolalar tadqiqot shifoxonasi, Vena tibbiyot universiteti va boshqa yetakchi xalqaro muassasalar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish va uni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
AQSHning St. Jude bolalar tadqiqot shifoxonasi bolalar saratoni va boshqa xavfli pediatrik kasalliklarni tadqiq qilish hamda davolashga ixtisoslashgan dunyodagi eng nufuzli markazlardan biri hisoblanadi. Yevropaning eng qadimiy va ilg‘or ilmiy oliygohlaridan biri sanalgan Vena tibbiyot universiteti esa yuqori texnologiyali laboratoriya tashxislari, klinik sinovlar va zamonaviy farmakologiya bo‘yicha ulkan tajribaga ega.
Bu kabi yetakchi muassasalar bilan yo‘lga qo‘yilayotgan sheriklik O‘zbekiston tibbiyoti uchun qator muhim imkoniyatlarni ochadi. Jumladan, xorijiy klinikalarning eng so‘nggi davolash standartlari hamda klinik protokollari mahalliy amaliyotga moslashtirgan holda tatbiq etilsa, davolash samaradorligi keskin ortadi.
Shu bilan birga, 2026 va 2030-yillarda kamida 200 nafar mahalliy shifokor va laboratoriya diagnostikasi mutaxassislari zamonaviy tibbiy yondashuvlar bo‘yicha o‘qitilib, ularning xorijda stajirovka o‘tashi tashkil etilsa, sohada kadrlar salohiyati sezilarli darajada yuksaladi.
Zamonaviy molekulyar diagnostika hamda ilmiy laboratoriyalar rivojlantirilib, 2026 va 2027-yillarda kamida o‘nta ilmiy tadqiqot tashabbusi va ikkita klinik sinov yo‘lga qo‘yiladi.
Bolalardagi onkologik va gematologik kasalliklarni chuqur o‘rganish uchun biobank hamda markazlashtirilgan klinik registr shakllantiriladi. Bunda 2028-yilga borib ma’lumotlar to‘liqligi to‘qson besh foizga yetishi ta’minlanadi. Shuningdek, har yili strategik byudjetning beshdan o‘n foizigacha bo‘lgan qismi ilmiy tadqiqotlar va kadrlar salohiyatini rivojlantirishga yo‘naltirilsa, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlab, xalqaro konferensiyalar o‘tkazish tizimi mustahkamlanadi.
Yuqoridagi barcha chora-tadbirlar O‘zbekistonda bolalar onkologiyasi va gematologiyasi xizmatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, kasallikka qarshi kurashishda ilmiy asoslangan, aniq va samarali natijalarni berishi shubhasiz. Bu, o‘z navbatida, yurtimizda har bir bolaning sog‘lom, baxtli va farovon hayot kechirishini ta’minlash yo‘lidagi eng muhim va mas’uliyatli qadamlardan biridir.
Mohigul Qosimova,
O‘zA