Hamkorlikda hikmat ko‘p
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi oldidan “Bolajon” telekanali jamoasi Janubiy kon boshqarmasi ishchi-xodimlari farzandlari ishtirokida turkum ko‘rsatuvlar tayyorladi.
Ijodiy safar davomida Nurobod tumanidagi “Nurobod” madaniyat uyida “Bolajon shou”, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “So‘g‘diyona” bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohida “Ekolav”, Qo‘shrabot tuman Zarkent qo‘rg‘onidagi 13-maktabgacha ta’lim tashkilotida “Qaqajonlar” va “Ertakchi bolajon” kabi ko‘rsatuvlar suratga olindi.
O‘n bir kishilik ijodiy guruh, jumladan, Hurriyat Yakubova, boshlovchi va aktyor Barot Hasanov, yosh boshlovchilar Sheroz Shamsiddinov, Xonzoda Husanova va Imona Hasanboyeva va boshqalar, shuningdek, Izzatulla Kamilov, Anvar Salimov, Dilnoza Turdiqulova va Mukambar Gulyamova kabi taniqli ijodkorlarning bu jarayondagi faol ishtiroki ko‘rsatuvlarning yanada mazmunli va qiziqarli tayyorlanishini ta’minladi.
[gallery-30517]
– Bolajonlarimiz orasida mashhur bo‘lgan ko‘rsatuvlar poytaxtdagi studiyada emas, balki hududlarda, ya’ni, konchi-metallurglar farzandlari ishtirokida tayyorlanishi faoliyatimizda yangi qadam bo‘ldi. Taklifimizni qo‘llab-quvvatlagan tashkilotchilar, shu jumladan, NKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashiga alohida minnatdorchilik bildiramiz. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, oromgoh hamda madaniyat uyida yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, bu maskanlarda tarbiyalanayotgan iste’dodli jajji o‘g‘il-qizlarga havasimiz keldi. Zero, ular bu g‘amxo‘rlikdan har qancha quvonsa arziydi. Kelgusida Navoiy kon-metallurgiya kombinati, NKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni niyat qildik, – deydi telekanal rahbari Dilbar Usmonova.
Yaqin kunlarda efirga uzatiladigan ko‘rsatuvlar yosh avlod qalbiga olam olam quvonch bag‘ishlaydi.
Dildora Atabayeva